17:16 / 09.10.2016
14838

Sergey Bubka O‘zbekistonga keldi

Foto: O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati

Afsonaviy sportchi, langarcho‘p bilan sakrash musobaqalarida faoliyati davomida 35 marta jahon rekordlarini o‘rnatgan, hozirda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a'zosi, Butunjahon yengil atletika federatsiyasi vitse-prezidenti hamda Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Sergey Bubka O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etish kerakki, bundan sal kam 3 yil avval Toshkentda bunyod etilayotgan Milliy olimpiya qo‘mitasi yangi binosining poydevoriga birinchi g‘ishtni aynan Sergey Nazarovich qo‘yib bergan edi. Bugungi kunda Toshkent ko‘rkiga ko‘rk ko‘shib turgan Milliy olimpiya qo‘mitasi binosiga Sergey Bubka Osiyo yengil atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Aleksey Kondrat hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining bosh kotibi Yevgeniy Nujdin hamrohligida tashrif buyurdi. 

Martabali mehmonni Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev va Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov kutib olishdi. Sergey Bubka binoni ko‘zdan kechirar ekan, qisqa vaqt mobaynida ana shunday ulkan inshootning qurib bitkazilishi va foydalanishga topshirilishi, qolaversa bu yerda nafaqat Milliy olimpiya qo‘mitasi, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining barpo etilishiga yuqori baho berdi. 

Yaqin o‘tmishning sport afsonasi Milliy olimpiya qo‘mitasida joylashgan kichik muzey, majlislar zali, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib hayratini yashira olmadi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasini dunyoning boshqa mamlakatlariga o‘rnak sifatida ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidladi. 

Shundan so‘ng, muzokaralar zalida Sergey Bubka ikkala tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashni taklif qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitalari sportchilarni tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish, sport tibbiiyoti masalalarida tajriba almashish foydadan xoli bo‘lmasligiga alohida urg‘u berdi. 

Shuningdek, suhbat davomida O‘zbekistonning sport salohiyatiga yuqori baho berar ekan, Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti o‘zbekistonlik sportchilarning XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida erishgan natijalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu muvaffaqiyatlar o‘z o‘zidan qo‘lga kiritilmagani, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov buyuk inson bo‘lgani va sport taraqqiyoti yo‘lida katta ishlar qilganini ta'kidlab o‘tdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasiga qilgan tashrifi yakunida Sergey Bubka taklif va mulohazalar daftariga o‘zining samimiy tilaklarini yozib qoldirdi. 

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi 2020 yilgi Tokio mezbonlik qiladigan navbatdagi Oliimpiya o‘yinlarida o‘z natijalarini bundanda yaxshilay olishiga ishonishini, buning uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligini alohida ta'kidladi. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan martabali mehmonga qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Ma'lumot uchun, ukrainalik Sergey Bubka – Sobiq Ittifoqning langarcho‘p bilan sakrovchi mashhur yengil atletikachisi bo‘lgan. Sergey Bubka 6 metrni zabt etgan birinchi inson (uning rekordi o‘zgarmay qolmoqda), SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi (1983), 1988 yilgi Olimpiya O‘yinlari chempioni, olti karra Jahon chempioni (1983, 1987, 1991, 1993, 1995, 1997), Yevropa chempioni (1986) va SSSR chempioni (1984, 1985). Uning hisobida 35 jahon rekordi qayd etilgan.

Mavzuga oid
Top