10:29 / 10.10.2016
23987

AQSh va Buyuk Britaniya Qirg‘izistonda teraktlar bo‘lishidan ogohlantirmoqda

Foto: Vmenkov

AQSh va Buyuk Britaniyaning Qirg‘iz Respublikasidagi elchixonalari, oktabr oyida mamlakat hukumati va xorijiy diplomatlarga qarshi terrorchilik harakatlari sodir etilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bular odamlarni o‘g‘irlash va garovga olish holatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deyiladi elchixonalar saytlarida. 

"Bizda shunday ma'lumotlar bor. Albatta, britaniyalik fuqarolarga nisbatan aniq tahdidlar yo‘q bo‘lsa-da, biz jamoat joylarda o‘ta diqqatli bo‘lishni, odamlar ko‘p to‘planadigan joylardan uzoqroq turishni hamda xavfsizlik masalasida mahalliy hukumat yo‘riqnomalariga rioya etishni tavsiya etamiz" — deyiladi Buyuk Britaniya elchixonasi saytida. 

Xuddi shunga o‘xshash ma'lumot AQSh elchixonasi saytida ham paydo bo‘lgan. 

Ushbu davlat elchixonasi fuqarolarini respublikaning janubi — O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlariga safarlarida ehtiyotkor bo‘lishni maslahat bergan. 

"Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralari e'lon qilinmasdan yopilishi mumkin. U yerda oxirgi oylarda xavfsizlik bilan bog‘liq bir necha hodisa yuz bergan edi", — deyiladi xabarda. 

Bundan tashqari, har doim yonida pasportni olib yurishni hamda Qirg‘izistonga borish uchun albatta tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirish tavsiya qilingan. 

 

Top