13:28 / 10.10.2016
14002

Faqat Dubaydagina avtomobil raqami 9 million dollarga sotilishi mumkin

Foto: Uaeinside.com

8 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan RTA kimoshdi savdosida hindistonlik ishbilarmon Balvinder Sahani "D5" avtomobil raqamini 9 million dollarga (33 million dirham) xarid qildi. Bu haqida "UAE Inside" nashri xabar berdi. 

Bunday hashamatli sovg‘ani o‘ziga ravo ko‘rgan kishi BAA, Kuvayt, Hindiston va AQSh mamlakatlarida ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi RSG International kompaniyasining egasi bo‘lib chiqdi.

Xaridorning so‘zlariga ko‘ra, u qimmatbaho avtomobil raqamlarini yig‘ishga qiziqadi. Uning kolleksiyasidan har biri millionlab dollarga baholangan 10 xil noyob avtomobil raqamlari o‘rin olgan. Balvinder Sahani "D5" raqamini 9 raqamiga bo‘lgan muhabbati tufayligina sotib olgan (D — alifboning 4-harfi). 

Manbaga ko‘ra, yangi noyob avtomobil raqamini ishbilarmon o‘zining Rolls Royce'iga rasmiylashtiradi. Shunisi qiziqki, avtomobilning o‘zi uning raqamidan bir necha barobar arzonroq. 

Eng qimmat avtomobil raqamini qo‘lga kiritish bo‘yicha mutloq rekord natija 2008 yilda Abu-Dabida qayd qilingan, o‘shanda "1" mashina raqami 52,2 million dirhamga sotib olingandi. 
 

Top