16:36 / 11.10.2016
7475

Haydovchilar eng texnologik avtomobil rusumlarini aniqlab berishdi

Amerikaning J.D. Power tadqiqot kompaniyasi eng yaxshi xavfsizlik, multimedia tizimlari va elektron yordamchilar bilan jihozlangan avtomobillar reytingini tuzishdi. Bu ro‘yxatda Hyundai va BMW kompaniyalarining modellari eng ko‘p o‘rin egalladi.

Shu yilning fevralidan avgust oyigacha o‘tkazilgan tadqiqotda J.D. Power mutaxassislari AQShdagi 17 ming 864 nafar avtomobil egalarining fikrlarini o‘rganishgan. Bunda oxirgi uch yilda yangilangan avtomobillar e'tiborga olingani holda, avtomobilga egalik qilish muddati 90 kundan oshmagan bo‘lishi shart qilingan. 

Ta'kidlanishicha, haydovchilarni to‘qnashuvlarning oldini olishga yordam beruvchi tizimlar ko‘proq ma'qul kelgan. Gap, haydovchiga ko‘rinmas hududlardagi xavfdan ogoh etuvchi tizimlar, avtomobilni bir yo‘lakda saqlash tizimi va orqani ko‘rsatuvchi kameralar haqida bormoqda. So‘ralganlarning to‘rtdan uch qismi ushbu funksiyalardan doimiy ravishda foydalanishlarini ma'lum qilishgan. Tadqiqotda ishtirok etganlarning 96 foizi esa, o‘zlarining yangi avtomobillarida ham shu kabi yordamchilar bo‘lishini xohlashgan. 

Haydovchilar qoniqmagan tizimlar orasida navigatsiya birinchi o‘rinni egallagan. So‘ralganlarning atigi 43 foizi avtomobilga o‘rnatilgan navigatsiyadan foydalanganini aytishgan. E'tiborli jihati, ular transport vositasini bir oylar boshqargach, bu tizimdan umuman foydalanmagan. 

J.D. Power kompaniyasiga ko‘ra, haydovchilarning elektron tizimlardan qoniqish hosil qilish darajasi dilerlarning o‘z mijozlariga ulardan foydalanishni o‘rgatishlariga bog‘liq. Bevosita sotuvchidan avtomobildagi turli xil elektron tizimlardan foydalanishni o‘rgangan haydovchilarning 25-54 foizi boshqalarga qaraganda o‘z avtomobillaridan ko‘ngli to‘lganini aytishgan. 

Mavzuga oid
Top