16:49 / 11.10.2016
28705

Kreml Putinning Parijga tashrifi bekor qilinganini tasdiqlab, buning sababini bildirdi

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning 19 oktabr kuni Parijga amalga oshirishi kutilgan tashrifi bekor qilinganini tasdiqladi.

Aniqlik kiritilishicha, Putin Parijga safarini "dasturdan tashqari marosimlar" yuzaga kelgani sababli bekor qilgan.

«Prezident bu tashrifni bekor qilishga qaror berdi. Rejadan tashqari marosimlar, xususan, Rossiya madaniy-ma'rifiy markazi ochilishi, ko‘rgazmadagi ishtirok shular jumlasidan. Bu rejalar dasturga keyin kiritilgandi va afsuski, prezident Fransiya Respublikasiga bora olmaydigan bo‘ldi», — degan Peskov.

Bundan tashqari, prezidentning matbuot xizmati Putin Fransiyaga Fransua Olland uchun ma'qul bo‘lgan boshqa vaqtda borish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan.

Bundan oldinroq Reuters agentligi Fransiya prezidenti ma'muriyatiga asoslangan holda Putin Parijga borishdan bosh tortgani haqida xabar qilgandi.

Mavzuga oid
Top