18:17 / 13.10.2016
21445

Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan qorilar tanlovi o‘tkazildi

Foto:muxlis.uz

Hijriy yilni boshlab beruvchi Muharram oyining nomi lug‘atda «hurmatlanuvchi», «ulug‘lanuvchi» degan ma'nolarni anglatadi. Muborak Muharram oyi va fazilatli Ashuro kunida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasiga bag‘ishlab, joriy yilning 12 oktabr kuni “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Bilimler belleskende” tanlovi o‘tkazildi. Bu haqda muslim.uz yozmoqda.

Tanlov boshida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasiga bag‘ishlab Qur'on xatm qilindi. 

 Tanlovni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Bahouddinov Shamsuddin kirish so‘zi bilan ochib berdi va tanlov ishtirokchilariga omadlar tiladi.

Tanlovda bilim yurti 2-kurs talabalarining “Ziyo” guruhi, 3-kurs talabalarining “Buxoriy izdoshlari” va 4-kurs talabalarining “Beruniy avlodlari” jamoalari ishtirok etishdi. Ular to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Tanlovda bilim yurti mudir o‘rinbosarlari, uslubiy birlashma raisi, mutaxassis fani o‘qituvchisi va umumta'lim fanlar o‘qituvchisidan iborat besh kishi hakamlar hay'ati a'zolari bo‘lib, tanlovga hakamlik qildi.

Birinchi shartda tanishtiruv sharti bo‘lib jamoalar o‘zlari jamoa nomi, unga berilgan ta'rif va jamoa a'zolari haqida qisqa ma'lumot berib o‘tdilar. Qo‘shimcha slayd hamda video rolik ishlaridan foydalanildi.

Ikkinchi shartda har bir jamoa sardori hakamlar hay'ati tomonidan tayyorlangan konvertlardan birini tanlab, jamoadan kelishgan holda bir kishi savollarga javob berdi.

Uchinchi shartda hakamlar hay'ati tomonidan tayyorlangan 10 ta tezkor savol ketma-ketlikda guruh sardorlariga o‘qib eshittirildi va javoblar o‘z navbatida belgilab borildi.

To‘rtinchi shartda esa har bitta jamoa “Ta'lim sohasiga oid” yigirma daqiqali sahna ko‘rinishlarini tayyorlab, o‘z chiqishlarini namoyon qildi. 

Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv natijalariga ko‘ra, birinchi darajali diplom bilan 2-kurs talabalarining “Ziyo” jamoasi, ikkinchi darajali diplom bilan 4-kurs talabalarining “Beruniy avlodlari” jamoasi, va uchinchi darajali diplom bilan 3-kurs talabalarining “Buxoriy izdoshlari” jamoasi taqdirlandilar. Shuningdek, bilim yurti tomonidan qimmat baho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

 

Top