13:57 / 13.10.2016
16753

Putin: BRIKS mamlakatlari bosim o‘tkazilishini qabul qila olmaydi

Foto: RIA

BRIKS mamlakatlari o‘zlariga nisbatan kuchli bosim o‘tkazish va boshqa mamlakatlar suverenitetini kamsitish siyosatini qabul qila olmaydi. Bu tashkilotning navbatdagi sammitining deklaratsiyasida aks etadi. Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin shu haqda ma'lum qilgan.

«Bizlarning xalqaro maydondagi dolzarb muammolar — jumladan, Yaqin Sharqdagi Suriya inqiroziga barham berish bo‘yicha qarashimiz deyarli bir xil. Shu bois, Goadagi uchrashuv bu ma'noda biron yangilikni taqdim etmaydi. Barchamiz davlatlararo muloqotning asosiy qoidalari, birinchi galda BMT markaziy muvofiqlashtiruvchi bo‘lgan xalqaro huquqqa rioya etishni yoqlaymiz», — deya Putin so‘zlarini keltiradi RIA Novosti agentligi.

Uning ta'kidlashicha, G‘arbning qator mamlakatlari o‘zlarining bir tomonlama qarashlarini ilgari surayotgan bir vaqtda, – «bunday pozitsiya muhim ahamiyatga ega».

Vladimir Putin shuningdek, ayrim mamlakatlarning yopiq va shaffof bo‘lmagan loyihalar, ya'ni Transatlantika savdo va investitsiya hamkorligi hamda Transtinch okeani hamkorligi kabi tashkilotni tashkil etishga urinishi yuzasidan afsus bildirgan. 

«Rossiya BRIKSdagi hamkorlari singari, JST qoidalari asosida, boshqalarni kamsitmaydigan ochiq iqtisodiy tuzilmalar barpo etish tarafdoridir», — deb qo‘shimcha qilgan Putin.

BRIKS – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasini birlashtiruvchi xalqaro tuzilma hisoblanadi. 

Mavzuga oid
Top