10:53 / 17.10.2016
10792

Mast holatda xotinini pichoqlagan er uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: © TASS

Dilshod va Zoira turmush qurishdi. Oradan yillar o‘tdi. Oilada farzand dunyoga keldi. Dilshod tez-tez ichib kelib, to‘polon ko‘tarar, keyin mushtiga erk berardi. Yoshgina ayol erining asossiz zug‘umlari ostida kun sayin hayotdan bezib borardi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Oradan o‘n yil o‘tsa-da, Dilshodning fe'li o‘zgarmadi. Ba'zan ko‘chadan eshitgan g‘iybat gaplar, ba'zan esa arzimagan bahonalar sabab Zoiraga kun bermadi. Ayol bu xo‘rlikka chiday olmay, o‘z joniga qasd qildi. Xayriyatki, shifokorlar yordamida uning hayoti saqlab qolindi. Bu voqeadan so‘ng Dilshodning ko‘zi ochilgandek bo‘ldi, ammo oradan vaqt o‘tib, u yana eski holatiga kelib qoldi. Ayolini kaltaklay boshladi.

Kunlarning birida u yana ichib kelib, hovlida janjal ko‘tardi, Zoirani kaltakladi. Ayol undan arang qochib qutilib, mahalla uchastka noziriga murojaat qildi. Dilshodni olib ketishdi. Zoira esa bolasini olib onasinikiga ketdi. 
Dilshod xotini kelavermagach, qo‘liga pichoq olib, qaynonasinikiga bordi. U yerda xotinini ko‘rib, unga tashlandi va bo‘yniga pichoq urdi. Zoira jonsiz holatda yerga yiqildi.
Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi Dilshod Narziyevga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
 

Mavzuga oid
Top