11:59 / 17.10.2016
6436

Tokio: Kuril orollarini birga boshqarish g‘oyasi muhokama etilayotgani yo‘q

Foto: AFP

Yaponiya TIV rasmiy vakili Yasuxisa Kavamura rasmiy Tokio Moskva ma'muriyati bilan janubiy Kuril orollarini birgalikda boshqarish masalasini muhokama qilishi mumkinligi haqidagi axborotni inkor etdi. Bu haqda Reyter agentligi xabar qilmoqda.

Dushanba, 17 oktabrda "Nixon keydzay" ("Nikkey") gazetasi Yaponiya Rossiya rahbariyatiga janubiy Kuril orollarini boshqarishda hamkorlik qilish taklifini bildirmoqchi ekani haqida yozgan edi. Nashrga ko‘ra, bosh vazir Sindzo Abe Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin bilan Yamaguti prefekturasida bo‘lib o‘tajak uchrashuvda ushbu masalani muhokama qilishni rejalashtirmoqda. "Nikkey"ning yozishicha, rasmiy Moskva "qisman" Tokio rejasidan xabardor. 

"Biz Nikkei gazetasining Yaponiya shimoliy hududlarni Rossiya bilan hamkorlikda boshqarish rejasini muhokama etayotgani xususidagi iddaolarini inkor etamiz", — degan Kavamura Reyter agentligiga. 

"Yaponiyaning Rossiyadan janubiy Kuril orollarini (Yaponiyada shimoliy hududlar deyiladi) qaytarib olish bilan tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha fundamental pozitsiyasi o‘zgarmagan", — deya qo‘shimcha qilgan u.

Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Suga ham Blumberg agentligiga bergan intervyusida, hududlarni qo‘shma boshqarish muhokama etilmayotganini ta'kidlagan. 

Mavzuga oid
Top