23:04 / 18.10.2016
8035

Amnesty International Iroqda harbiylar tomonidan tinch aholi qatl etilganini ma'lum qildi

Foto: © AFP

IShID jangarilari qo‘l ostida bo‘lgan hududlardan qochayotgan minglab odamlar Iroq hukumat qo‘shinlari va harbiylashtirilgan tuzilmalar tomonidan qiynoq, qatl va shafqatsiz muomalaga uchramoqdalar. Bu haqda xalqaro huquqni himoyalash tashkiloti Amnesty International xabar bermoqda. 

"Iroqda sunniylar urush dahshatlari va IShID zulmidan qutulib, ko‘ngilli kuchlar va hukumat qo‘shinlari tomonidan shafqatsiz qasoslarga uchramoqdalar, ular IShID tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlar uchun jazolanmoqdalar", deb aytdi Amnesty International’ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha dasturi rahbari Filip Lyuter. Hisobotda shuningdek iroqlik harbiylar bunday harakatlarni amalga oshirib, inson huquqlarini buzayotganlari va harbiy jinoyatlar sodir etayotganlari ta'kidlab o‘tilgan.  

"IShID jinoyatlari uchun jazolanganlar" deb nomlangan hisobotga ko‘ra, bunday ma'lumotlar hozirda Mo‘sulni ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan harbiy operatsiyaning salbiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligidan darak bermoqda.

"Mo‘sul uchun jang ketayotgan bir paytda, Iroq hukumati bunday chidab bo‘lmas qoidabuzarliklar takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rishi kerak. Iroqda IShIDga qarshi kurashda ko‘maklashayotgan davlatlar bunday qoidabuzarliklarga boshqa ko‘z yummasliklarini namoyish qilishlari lozim", deb aytmoqda Lyuter.

Hisobot 470 nafardan ko‘proq mahbuslar, yo‘qolgan va halok bo‘lgan odamlarning yaqinlari, amaldorlar, guvohlar, faollar va gumanitar xodimlarning ko‘rsatmalariga asoslangan.

 

Top