14:54 / 18.10.2016
7205

Saylov kampaniyasida ishtirok etayotgan jurnalistlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi

Foto: TASS

18 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida saylov kampaniyasida ishtirok etayotgan jurnalistlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.

Videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlari xodimlari qatnashdi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari S. Artikova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili U. Muhammadiyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini tubdan yangilash va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, saylash va saylanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan asosiy siyosiy huquqlarini to‘liq ta'minlab kelayotgan, demokratik standartlarga har tomonlama mos bo‘lgan saylov tizimi yaratilganini alohida qayd etdi.

Saylovga boshqa davlat organlarining har qanday aralashuvisiz tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ta'minlaydigan mustaqil saylov komissiyalarini shakllantirishning demokratik mexanizmlari joriy etildi. Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani hamda mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik Komissiya faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo‘yilgani bunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Anjumanda keyingi yillarda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha mamlakatimizda to‘plangan tajriba, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalarini inobatga olgan holda Prezident saylovi bo‘yicha qonunchilik qoidalari va huquqni qo‘llash amaliyoti yanada takomillashtirilganiga e'tibor qaratildi. Bunday yangilik va o‘zgarishlar, xususan, fuqarolarning saylov huquqlari va o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ta'minlash kafolatlarini kuchaytirishda, saylov komissiyalari faoliyatining ochiqligini yanada kengaytirishda o‘z aksini topdi. 

Bundan tashqari, qonunchilikda saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uning turlari, shakllari va usullari, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi belgilab qo‘yildi, saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalari miqdori mamlakatimizdagi jami saylovchilar umumiy sonining kamida besh foizidan bir foizga kamaytirildi, saylovga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik joriy qilindi.

Amaliy seminar davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga saylovga tayyorgarlik jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma'lumot berildi. Xususan, milliy saylov amaliyotimiz tarixida birinchi bor Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Bugungi kunda mazkur Dastur asosida saylov organlari bilan bir qatorda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan aholining keng qatlami vakillari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan fuqarolar, qamoqda saqlash joylarida vaqtincha saqlanayotgan shaxslar o‘rtasida huquqiy va saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili idorasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida “Ishonch telefoni” ishga tushirilgani ham shu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim amaliy ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Fuqarolar “Ishonch telefoni” orqali saylovjarayoniga taalluqli masalalar yuzasidan malakali yuridik maslahat olishi mumkin. Bu vosita saylovchilarning huquqiy madaniyati va siyosiy tadbirdagi faolligini yuksaltirish, shuningdek, ularning saylov huquqlarini erkin amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlar monitoringini yuritish hamda tezkorlik bilan ularning oldini olish choralarini ko‘rish imkonini beradi.

Mamlakatimiz fuqarolari yurtimizdagi demokratik islohotlardan keng xabardor, ular o‘z ovozi mamlakatimizning tinchligi va barqarorligi, davlat va jamiyatimizning kelgusi taraqqiyoti uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega ekanini chuqur anglab yetmoqda.

Anjumanda alohida qayd etilganidek, hozirgi paytda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha sohalarida, jumladan, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a'zolarining 36,8 foizini ayollar tashkil etmoqda. Ularning 7 nafari komissiya raisi o‘rinbosari, 5 nafari komissiya kotibi. Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan sessiyalarida uchastka saylov komissiyalari tarkibiga kiritish uchun tavsiya etilayotgan nomzodlarning aksariyat qismi xotin-qizlardir.

Seminarda saylov kampaniyasini ochiq va oshkora tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida mamlakatimiz aholisi va xalqaro hamjamiyatni o‘z vaqtida, keng xabardor qilib borishda ommaviy axborot vositalari hal qiluvchi o‘rin tutayotgani alohida ta'kidlandi.
Shu ma'noda, saylov komissiyalari bu masalada radio va televideniye, bosma va internet nashrlari bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi va okrug saylov komissiyalari matbuot markazlarida jurnalistlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Markaziy saylov komissiyasi va okrug saylov komissiyalarining majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, komissiyalarning majlislari bevosita matbuot markazlarida, onlayn rejimida ham o‘tkazilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agentligi o‘rtasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish yuzasidan imzolangan ikki tomonlama bitimlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. 

Umuman, saylov kampaniyasi boshlanganligi e'lon qilinganidan buyon O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida bu mavzuda 4380 tadan ziyod materiallar, shu jumladan markaziy va hududiy tele-va radiokanallarda 1700 tadan ziyod intervyu, syujyet va lavhalar, davriy nashrlarda 1850 tadan ortiq materiallar, internet nashrlarida 820 tadan ziyod materiallar. Xorijiy ommaviy axborot vositalarida esa 600 taga yaqin materiallar e'lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 500dan ortiq vakillari, okrug saylov komissiyalari tomonidan esa 430 tadan ziyod mahalliy jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Tadbirda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashda saylov komissiyalari va jurnalistlarning dolzarb vazifalari, mamlakatimiz milliy saylov tizimi hamda bu boradagi qonunchilik mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylov kampaniyasini yoritishda jurnalistika janrlari imkoniyatlaridan, zamonaviy media texnologiyalardan samarali foydalanish, saylov komissiyalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Top