17:17 / 19.10.2016
11606

Odam savdosidan jabrlangan fuqaro prokuraturaga murojaat etdi

Foto: report.az

SVOJJDLQK departamentining Oqoltin tuman bo‘limiga ushbu hududda yashovchi fuqaro Sodiq Mavlonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ariza bilan murojjat qilib, o‘zining odam savdosi jinoyatidan jabr chekkanligi haqida bayon qiladi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Mirzaobod tumanida yashovchi Hasan Turmanov tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan qozog‘istonlik Javlon ismli shaxs bilan oldindan jinoiy til biriktirib, andijonlik Davron Qo‘chqorov hamda Sodiq Mavlonov va Isom Komilovlarga katta maosh va'da qiladi. Ularni aldab, qo‘shni respublikaning Yettisoy viloyatiga olib boradi. Manzilga yetgach, ularning fuqarolik pasportlarini olib qo‘yadi va jinoiy sherigiga topshirib, evaziga 250 ming qozoq tengesi oladi-da, ortga qaytadi.

Va'daga ko‘ra, uchovlon qo‘shni respublikada Javlonga tegishli bo‘lgan yerlarda ishlashlari, maoshlarini esa hosil yetilgandan so‘ng olishlari kerak edi. Afsuski, jaraq-jaraq pul ilinjida begona yurtda ne-ne kunlarni boshdan kechirib, sakkiz oy mehnat qilgan D.Qo‘chqorov, S.Mavlonov va I.Komilovlar uylariga quruq ketishga majbur bo‘lishdi. Hosilni yig‘ib olgan Javlon ish haqini berishga kelganda, va'dasini unutdi. Tortishuvlarda esa ularni sakkiz oy tekinga ishlatish uchun H.Turmonovdan sotib olganligini pesh qildi. Endilikda, bu joyda qolish befoyda ekanligini tushungan yigitlar ne azoblarda yurtlariga kirib kelishdi.
Mazkur holat bo‘yicha, H.Turmonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.

 

Top