10:07 / 22.10.2016
27162

AQSh Raqqaga hujum qilinishini e'lon qildi

Foto: rtl

IShIDga qarshi kurashuvchi xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqning Mo‘sul shahrini ozod qilgandan keyin, Suriyaning Raqqa shahriga hujum qilishi ma'lum qilindi. Bu haqda 21 oktabrda AQSh davlat kotibi yordamchisi Toni Blinken RTL fransuz radiostansiyasiga bergan intervyusida ma'lum qildi.   

"Hozir bizga Raqqa masalasi dolzarbdir. IShID aynan u yerda o‘z teraktlarini rejalashtiradi. Bu ularning haqiqiy poytaxti. Raqqaga yo‘nalish olib, uni qamal qilib, qo‘lga olish kerak", deb aytdi Blinken.

Biroq Raqqaga hujum qilishdan avval Mo‘sulni egallash lozim. Blinkenning aytishicha, Mo‘sulda 5-6 ming jangari joylashib olgan. "Ularda himoyalanishga ancha vaqt bo‘lgan. Afsuski, ular u yerda mustahkamlanib, bizning hujumni iloji boricha qiyinlashtirish maqsadida mina va fugaslar o‘rnatganlar", deb ta'kidlab o‘tdi Blinken. 

Mo‘sulni ozod qilish bo‘yicha operatsiya 17 oktabrda boshlandi.  Shaharni ozod qilishda ishtirok etayotgan quruqlikdagi qo‘shinlar soni 60 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Razvedka ma'lumotlariga ko‘ra, Mo‘sulni ushlab qolish uchun 5-6 ming jangari kurashayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzu
Suriyadagi urush
Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi mamlakatni bir necha qismlarga bo‘lib tashlagan. Suriya hukumati, IShID, kurdlar va boshqa turli jangari guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda.
Barchasi
Top