13:00 / 25.10.2016
12983

Filippin prezidenti kim bilan harbiy ittifoqqa ega bo‘lishini ma'lum qildi

Foto: Reuters

Filippin faqat AQSh bilan harbiy ittifoqqa ega bo‘ladi va boshqa davlatlar bilan shu yo‘nalishda munosabatlar o‘rnatish niyatida emas. Bu haqda, respublika prezidenti Rodrigo Duterte Yaponiyaga tashrifi arafasida yaponiyalik jurnalistlar bilan muloqotida so‘z yuritgan. 

"Ittifoq tirik, u mavjud", - deya Dutertening AQSh bilan munosabatlariga doir so‘zlarini keltiradi Kyodo agentligi. "Ittifoqni buzishga oid hech qanday xavotirlar bo‘lishi mumkin emas. Men boshqa mamlakatlar bilan (harbiy) ittifoqlarga muhtoj emasman", - deya qo‘shimcha qilgan Filippin rahbari. 

Shu bilan birga, u Xitoy bilan "savdo va tijorat ittifoqi"ga asos solishni xohlashini aytgan. 

Oktyabr oyining avvalida Xitoyga tashrif buyurgan Filippin rahbari mamlakatining AQSh bilan "xayrlashadigan vaqt kelgan"ini aytgandi. U Manilaning Vashington ko‘rsatmasi bo‘yicha yuritayotgan tashqi siyosatini o‘zgartirish niyatini ham izhor qilgandi. 

Bundan tashqari, Filippin AQSh bilan Janubiy Xitoy dengizida qo‘shma patrullik qilish va mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalarini muzlatgani xabar qilindi. Shuningdek, Duterte Vashington bilan Manila hukumatlari o‘rtasida 1951 yilda imzolangan mudofaa hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqish bilan tahdid qilgandi. Mazkur kelishuv, AQSh QKga o‘z harbiylarini Filippindagi ayrim bazalarga joylashtirish imkonini beradi. 

Top