19:11 / 28.10.2016
5184

Oliy Majlis delegatsiyasi Germaniyaga tashrif buyurdi

24-25 oktabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi boshchiligidagi parlament delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyada bo‘ldi.

Tashrif doirasida Bundestag, mamlakat parlamentida ko‘p o‘ringa ega bo‘lgan Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) va Germaniya xristian-demokratik ittifoqi (GXDI) deputatlari bilan uchrashuvlar, Germaniya hukumati, parlamenti, jamoat, ekspert-akademik doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning demokratik standartlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirlar chog‘ida Germaniya tomoni O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jarayonlarning borishi, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.

Uchrashuvlarda qatnashchilarga bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish jarayonlari, ushbu muhim siyosiy tadbirni xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazishning huquqiy kafolatlari xususida batafsil ma'lumot berildi. Ta'kidlanganidek, mustaqillik yillarida O‘zbekiston saylov qonunchiligida jiddiy sifat o‘zgarishlari amalga oshirilishi samarasida bugungi kunga kelib soha huquqiy asosi eng yuqori demokratik talablarga javob beradi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi birinchi marta O‘zbekistonga saylovni kuzatish bo‘yicha to‘liq tarkibdagi missiyani yuborishga qaror qilganiga alohida e'tibor qaratildi. Qolaversa, O‘zbekiston tomoni saylovni kuzatib borish yuzasidan MDH, ShHT, IHT, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi missiyalarini, xorijiy davlatlar, shu jumladan, Germaniyadan kuzatuvchilarni taklif etdi.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan jamiyatni demokratlashtirish, sud tizimi mustaqilligini mustahkamlash va iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma'lumotlar Germaniya tomonida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi faoliyat boshlagani ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Mazkur qadam, ishtirokchilarning fikricha, aholining manfaatlari hamda farovonligi O‘zbekiston ijro hokimiyati uchun birinchi galdagi vazifa ekanidan dalolat beradi.

Davra suhbati davomida germaniyalik ma'ruzachilar O‘zbekistonda yaratilgan barqaror siyosiy tizim, takomillashtirilgan saylov qonunchiligi va ko‘p sonli mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki bo‘lg‘usi saylovning to‘lasincha demokratik prinsiplarga mos ravishda o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Bundestag Xalqaro hamkorlik qo‘mitasi eksperti, doktor Anreas Yanning ta'kidlashicha, O‘zbekiston butun Markaziy Osiyoning tinchligi va barqaror taraqqiyotini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. U qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni faollashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatni modernizatsiyalash va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan ishlarni yuksak baholadi.

Matsenat fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti direktori, doktor Ekxard Priller O‘zbekistondagi Prezident va parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, mamlakatda saylov jarayonlarini bosqichma-bosqich takomillashtirilayotgani guvohi bo‘lganini ma'lum qildi. Germaniyalik mutaxassis bo‘lg‘usi saylov ham O‘zbekiston milliy saylov tizimida ochiqlik va demokratik tamoyillar yanada mustahkamlanganini amalda namoyon etishiga ishonch bildirdi.

E.Priller O‘zbekistonning nodavlat tashkilotlarning vujudga kelishi va mustahkamlanishi borasidagi yutuqlariga ham e'tibor qaratdi. Uning ta'kidlashicha, “kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini izchillik bilan hayotgan tatbiq etayotgan O‘zbekiston bu borada nainki ijobiy xoridiy tajribani amalga joriy qilmoqda, balki boshqa davlatlar o‘rgansa arziydigan o‘ziga xos jihatlarini ham namoyon etmoqda.

Brandenburg texnoliyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash instituti prezidenti, professor E.Kloze O‘zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarini yuqori baholadi. Uning bildirishicha, bo‘lg‘usi saylovni kuzatishda yetakchi xalqaro tashkilotlar missiyalari, xorijiy davlatlarning ko‘p sonli vakillarining ishtirok etishi O‘zbekistonning butun dunyoga ochiqligidan dalolat beradi.

Germaniyalik olim O‘zbekiston rahbariyati tomonidan taraqqiyotni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

“Biz respublikada siyosiy va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni katta qiziqish va hayajon bilan kuzatmoqdamiz. Shu bois O‘zbekistonda aholini farovonligini oshirish, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini barqaror rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan keng miqyosli islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda, deya baralla aytishimiz mumkin”, deya ta'kidladi E.Kloze.

Tadbir ishtirokchilaridan ayrimlari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Bonn shahridagi Germaniya-O‘zbekiston jamiyati vitse-prezidenti Xaynts Byuler:

“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining tadrijiyligi hamda samaradorligini alohida ta'kidlashni istardim. O‘zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan bugun e'lon qilingan sud huquq tizimi mustaqilligini mustahkamlash va huquq-tartibot tizimini insonparvarligini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ma'lumoti mamlakatingiz o‘z demokratik taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay harakat qilayotganining yorqin in'ikosidir.

Aholi murojaatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasining ochilishi alohida o‘ringa ega. Bunda fuqarolar hukumat rahbariga nafaqat arz va shikoyatlari, balki ijtimoiy hayotning u yoki bu jabhasini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflari bilan murojaat etayotgani tahsinga sazovor.

Bu holat hokimiyatning ochiqligidan, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining joylardagi muammolarni hal etishda keng ishtirok etayotganidan dalolat beradi”.

Germaniya korporativ fuqaroligi markazi ijrochi direktori, doktor Syuzanne Lang:

“O‘zbekistondagi saylovoldi jarayonlari hamda jamiyatni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdim etilgan ma'lumotlar O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega zamonaviy demokratik davlatni barpo etish yo‘lida sobit borayotganini ko‘rsatmoqda.

Biz O‘zbekistonga bu yo‘nalishda va boshqa sohalarda har tomonlama yordam berishga tayyormiz. O‘zbek xalqiga davlatning yangi rahbari boshchiligi ostida farovonlik tilayman”.

Top