10:50 / 28.10.2016
4844

Seulda bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 24 oktabr kuni Seul milliy universiteti qoshidagi Osiyo mamlakatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Janubiy Koreya ekspert-tahlilchilari, shu jumladan, MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganishga ixtisoslashgan Xallim, Dongduk va Kemyong singari oliy o‘quv yurtlarining taniqli ekspertlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda xalqaro huquqiy normalar, xususan, BMT, YeXHTning tegishli nizomlariga muvofiq yaratilgan saylov tizimi qonunchiligi bilan tanishdi. 

Osiyo mamlakatlarini o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi (SNUAC) direktori Kang Myong Guning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda saylov normalari, qonunchiligining tizimli va bosqichma-bosqich demokratlashtirilish hamda liberallashtirilishi samarasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda tom ma'nodagi ochiqlik, oshkoralik va transparentlik tamoyillariga asoslangan demokratik amaliyotga muvofiqlikni ta'minlaydigan barcha shart-sharoit yaratilgan.

O‘z navbatida Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar departamenti direktori, SNUAC qoshidagi Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish mintaqaviy markazi rahbari Shinm Bom Shik tadbirni boshqarib, mazkur davra suhbati Janubiy koreyalik ekspertlarga O‘zbekistonning xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilgan saylov tizimini yanada chuqurroq tushunishi uchun yaxshi imkoniyat yaratganini ta'kidladi.

Shundan so‘ng Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi, Kemyon universiteti siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakulteti professori Chon De Van mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini bo‘lajak saylovlardan keyin yanada chuqurlashtirishdan Janubiy Koreya tomoni uchun muhim va manfaatli ekanini ta'kidladi. Shu bois ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni saqlash hamda yanada chuqurlashtirish yuzasidan tomonlar qarashi umumiyligi bildirildi.

Tadbir qatnashchilari O‘zbekistonda islohotlarni bosqichma-bosqich chuqurlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. Jumladan, fuqarolarning saylash va davlat hokimiyati vakillik organlariga saylanish huquqlari kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan saylov mustaqilligini ta'minlash hamda saylov qonunchiligini rivojlantirish sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

2009 yil fevral oyida tashkil etilgan Seul milliy universiteti qoshidagi Osiyo mamlakatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi Osiyo mamlakatlarini o‘rganish bo‘yicha mintaqaviy va tematik tadqiqot dasturlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali tadqiqot loyihalari hamda axborot almashish bo‘yicha xalqaro dasturlarni amalga oshirib keladi.

Bugungi kunda markaz Shimoli-Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazlariga ega, yettita ilmiy dasturni amalga oshirmoqda va ijtimoy fanlar bo‘yicha yirik o‘quv-ilmiy bazasi mavjud. 

Markaz Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Turin politexnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi singari oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. 
 

Mavzuga oid
Top