00:33 / 29.10.2016
56666

Putin Rossiya guruchining O‘zbekistonga yetkazib berilishidan hayratlandi

Foto: Globallookpress.com

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochidagi uchrashuvda Krasnodar o‘lkasi agrarchilarini guruch hosili kuni bilan tabrikladi. Bu haqda 28 oktabrda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar berdi

"Hozir uchrashuv oldidan ma'lumotlarni ko‘rib chiqdim: oxirgi 20 yil ichida mamlakatimizda guruch hosili yig‘ib olish 2,5 marta oshgan va asosan bu yerda sizda, Krasnodar o‘lkasida amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish hisobiga", deb aytdi Putin.

"Men hozir Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan gaplashaman. Unga guruch kerak bo‘lsa, biz unga yetkazib berishga tayyorligimizni aytaman", deb qo‘shimcha qildi Putin.

Uchrashuv ishtirokchilaridan biri Putinga guruchga narxlarning beqarorligi sababli agrarchilarning eksport salohiyatini oshirish niyati haqida aytdi. Ishtirokchi Putinning guruch asosan qayerlarga eksport qilinishi haqidagi savoliga Suriya, Turkiya va O‘zbekistonga deb javob berdi.

"O‘zbekistonga? Bizning guruchdan palov tayyorlasa bo‘ladimi?", deb qiziqqan Putin. Bunga javoban guruch ishlab chiqaruvchilar Rossiya guruchidan istalgan taom tayyorlash mumkinligini aytishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilda o‘lkada guruch hosili 1,026 mln tonnani tashkil qilgan, bu esa 2015 yildagidan 9 foizga ko‘proq bo‘lgan. 

 

Top