19:27 / 31.10.2016
7261

Bishkekdagi aeroportga bomba o‘rnatilgani haqidagi xabardan keyin yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi

Foto: K-News

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi Manas aeroportidan barcha yo‘lovchilar va xodimlar evakuatsiya qilindi. Bunga noma'lum shaxs militsiya navbatchi qismiga qo‘ng‘iroq qilib, aeroportdagi samolyotda bomba o‘rnatilganini xabar qilganidan so‘ng amalga oshirilgan. Bu haqda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmatiga asoslanib, RIA Novosti xabar berdi.

"Bizga soat 17.00da havoga ko‘tariladigan samolyotga bomba qo‘yilgani haqida aytishdi. Yo‘lovchilar va xodimlar aeroportdan olib ketildi", — deyilgan "Manas" xalqaro aeroporti ma'lumotnomasida.

"Evakuatsiya sababli to‘rtta: O‘sh, Moskva, Novosibirsk va Surgutga uchadigan reyslarga yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish vaqtincha to‘xtatildi", — deb ma'lum qilgan Sputnik Qirg‘iziston.

Yana nechta reysga ro‘yxatga olish to‘xtatilishi va parvozlarga qachon ruxsat berilishi operativ ishlar natijasiga bog‘liq bo‘ladi. Qirg‘iziston DMXQ va IIV xodimlari aeroport binolarini tekshirishni davom ettirishmoqda, barcha xodimlar va yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.

Top