16:21 / 31.10.2016
29776

Imomali Rahmon: Tojikiston qardosh O‘zbekiston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini tiklamoqda

Foto: avesta.tj

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning bayonot berishicha, respublika qardosh O‘zbekiston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. U bu haqda Rog‘un shahri aholisi, mutaxassislar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvida ma'lum qilgan, deb xabar qilmoqda Avesta‎ internet nashri.

Tojikiston davlat rahbarining qayd etishicha, Tojikiston mustaqilligining ilk yillaridanoq o‘z siyosatida ayniqsa qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy hamkorlikka jiddiy e'tibor berib kelgan va turli muammolarni hamkorlikda hal etish mumkin degan fikrni ilgari suradi. Tojik xalki ko‘p asrlar davomida o‘z qo‘shnilari bilan tinchlik, xotirjamlik, o‘zaro anglash va hamkorlik ruhida yashab kelmoqda. 

«Tojikiston hukumati o‘zining ochiq eshiklar siyosati doirasida o‘zaro foydali yo‘nalishlar, ayniqsa, suv, energetika, transport va boshqa sohalarda mintaqa mamlakatlari, xususan do‘st va qardosh O‘zbekiston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini tiklamoqda», – degan davlat rahbari. Imomali Rahmon ikki tomonlama munosabatlardagi muhim masalalar o‘zaro tushunish va ikki xalq manfaatlaridan kelib chiqilgan holda hal etilishiga umid bildirgan. 

Imomali Rahmon Rog‘un GES o‘zining 3600 mVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati va suv omborida 13,3 kub. kvadrat kilometr suvni to‘play olishi bilan mintaqadagi gidroelektr energiyasi muammosini hal etishda ijobiy rol o‘ynashi mumkinligini ta'kidlagan. Bu inshoot, rasmiy Dushanbe fikricha, daryoning quyi qismida joylashgan mamlakatlarga yangi yerlarni o‘zlashtirish va ularni sug‘orish imkonini berishi kerak. 

 

Top