11:55 / 01.11.2016
5062

Abdulaziz Komilov Hindiston TIV rahbari bilan ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2016 yilning 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi rahbari, Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar davlat vaziri Mubashir Javed Akbarni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat boshida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Hindiston rahbariyatiga mamlakat Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan o‘zbek xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo‘llab-quvvatlagani hamda Hindiston delegatsiyasining Samarqand shahriga tashrifi doirasida Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Muloqot davomida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning dolzarb masalalari hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, muntazamlik kasb etgan oliy va yuqori darajadagi O‘zbekiston-Hindiston siyosiy muloqoti, ishbilarmon doiralar vakillari hamda madaniyat va san'at arboblarining uchrashuvlari, ilm-fan va ta'lim sohasidagi almashinuvlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda davlatlar va xalqalar o‘rtasidagi an'anaviy aloqalarni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan ko‘p qirrali hamkorlikni faol mustahkamlashga imkon beradi.

Uchrashuvda Hindiston Elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.

Top