23:59 / 01.11.2016
5121

Poroshenko 2014 yildan beri barcha maoshini xayr-sahovatga ajratayotgani ma'lum qilindi

Foto:news.day.az

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning matbuot kotibi Svyatoslav Tsegolko "Batkivshina" partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenkoning mamlakatning birinchi shaxslari maoshi oshirib yuborilgani bo‘yicha aybloviga javob berdi. 

"Ukrainskaya pravda" nashri ma'lumotlariga ko‘ra, 1 noyabrda Ukraina parlamenti yig‘ilishida Timoshenko hukumatni u orqa sana, ya'ni 1 may oyidan o‘z maoshini 2-2,5 barobarga oshirganlikda aybladi. Timoshenkoning aytishicha, Poroshenkoning ish haqi 3 barobarga oshirilgan.    

"Misol uchun, prezidentga maxfiy ravishda 28 ming grivenlik maosh, bundan tashqari katta miqdorda qo‘shimcha haq o‘rnatilgan. Ular bilan prezident oladigan maosh 100 ming grivenga yetadi", deb aytdi Timoshenko.

Tsegolko feysbukdagi sahifasida yozishicha, bu xabar haqiqatga mos kelmaydi, Poroshenkoning o‘zi esa barcha maoshini xayr-sahovatga ajratadi.

"Yuliya Timoshenko tomonidan prezident maoshi haqida tarqatilgan yolg‘onga javob berishim zarur. Ko‘rinishicha, bu o‘zining "nochor" deklaratsiyasidan diqqatni qochirish uchun qilingan. Shuni ta'kidlamoqchimanki, Ukraina prezidentining maoshi 2014 yildan boshlab xayr-sahovat ishlariga o‘tkaziladi", deb aytdi Tsegolko.

Tsegolkoning aytishicha, Ukraina vazirlar mahkamasining 20 apreldagi qaroriga ko‘ra, Ukraina prezidentining maoshi 28 ming griven (1,07 ming dollar) qilib belgilangan va hech qanday qo‘shimcha haq ko‘zda tutilmagan.  

 

Mavzuga oid
Top