12:34 / 02.11.2016
14390

Sarvar Otamuratovning saylovoldi dasturi e'lon qilindi

O‘zbekiston siyosiy partiyalari seshanba kuni o‘z saytlarida nomzodlarining saylovoldi dasturlarini e'lon qildi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Sadullayevich Otamuratovning saylovoldi dasturi «Milliy manfaatlar — har narsadan ustun!» deya nomlangan.

O‘zbekiston bugungi kunda mustahkam siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimga ega zamonaviy davlat sifatida dadil rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda keng miqyosda islohotlar amalga oshirildi. Xalqimiz qalbi, ongu tafakkurida fuqarolik hissi va mas'uliyati hamda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi kuchayib bormoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari ta'siri oshib, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlat qurilishi jarayonida faol ishtirok etishlari uchun qulay tashkiliy, huquqiy va boshqa zarur sharoitlar yaratildi.

Xalqaro miqyosda e'tirof etilib, bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida islohotlar bardavomligini ta'minlash, boshlangan ulug‘vor ishlarga jo‘shqin sur'at baxsh etish uchun mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimizga erishishda to‘plangan tajribalar, ulkan tarixiy, madaniy, boy ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma'naviy yuksalishga erishish zarur deb hisoblaymiz.

Bizning maqsadimiz — milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g‘oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, xalqimizning farovonligi oshishiga erishish, mamlakatimizdagi tinch­lik va osoyishtalikni mus­tahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish, O‘zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma'naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va bo­yitishdir.

Ana shunday ezgu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etish zarur:

I. MA'NAVIY-MA'RIFIY SOHADA erishilgan yutuqlarni mus­tahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Chunki o‘zligini anglagan, qadriyat va an'analarini e'zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi.

Biz doimo milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat markazimizda bo‘ladi.

Milliy tiklanish, avvalambor, milliy o‘zlikni anglash demakdir. Ushbu g‘oyadan kelib chiqib, biz quyidagilarni qo‘llab-quvvatlaymiz:

— xalqimizning betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an'analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish. Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi — bosh vazifamiz;

— «O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q» tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o‘rganish, bu borada o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish;

— madaniy meros ob'ektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob'ekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish;

— o‘zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi va madaniy yodgorliklari umumjahon ahamiyatiga molik ekanligini e'tirof etib, shaharlarimizning milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta'mirlashga ko‘maklashish va bugungi kungacha ularning YuNeSKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirmaganlarini unga kiritishga qaratilgan Davlat dasturini qabul qilish va amalga oshirish;

— turistik faoliyat bilan shug‘ul­lanadigan tadbirkorlik sub'ekt­lari tomonidan to‘lanadigan soliq va majburiy to‘lovlar hisobidan moddiy madaniyat merosini qayta tiklash va kapital ta'mirlash jamg‘armasini tashkil etish;

— mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan o‘zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlari tomonidan yaratilgan ilmiy va badiiy asarlar hamda xalqimiz tarixiga oid moddiy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarishda faollik ko‘rsatish;

— o‘zbek xalqining yuksak madaniyati va iste'dodini namoyish etadigan va estetik qimmatga ega bo‘lgan milliy hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an'analarini saqlab qolishni rag‘batlantirish;

— «Barkamol avlod — millat tayanchi» tamoyili ostida biz yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta'siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, kelajagimiz egalarini milliy ma'naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalash. Bunda kino, teatr va estrada san'atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an'analari va ilg‘or urf-odatlarini ta'sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko‘maklashish hamda ularni targ‘ib qilish asosiy vazifamizdir;

— qadimiy va boy tarixga ega, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan darajada imkoniyatga ega bo‘lgan tilimiz rivojini yangi bosqichga ko‘tarish uchun davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirishga, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to‘la amal qilishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish;

— fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish.

Ushbu sohada maxsus komissiya tuzishni rejalashtirmoqdamiz;

— ommaviy muomalada, ko‘chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e'lonlarda, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tili me'yor va qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tabdirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

— hozirda o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma'rifiy va ma'naviy ehtiyojlarini zarur darajada qondirish uchun fanning barcha sohalari, ta'lim, adabiyot va matbuotda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida kitoblar, gazeta va jurnallar yetarli darajada nashr qilishni tubdan kuchaytirish;

— xalqimizning ma'naviy rivoji va jamiyatdagi barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan muruvvat, mehmondo‘st­lik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat-ehtirom, bag‘rikenglik, yaxshilik va saxovatpeshalik kabi milliy xususiyatlarimiz targ‘ibotiga asoslangan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

— O‘zbekiston xalqining madaniyati va san'ati yutuqlarini xalqaro maydonda keng miqyosda targ‘ib etish, hozirgi O‘zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san'at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kino asarlar yaratilishida tashabbus ko‘rsatish, bu boradagi ishlarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash, shu jumladan, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda, taniqli rejissyor va aktyorlar ishtirokida ularni butun dunyo jamoatchiligiga yetkazish;

— xalqimiz, birinchi navbatda, yoshlarning ma'naviy jihatdan yuksalishiga ko‘maklashadigan ma'naviy-ma'rifiy markazlarni tashkil etish va ularning faoliyatinirivojlantirish, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning boy axborot-kutubxonachilik fondini ko‘paytirib borish;

— tarixda xorijiy mamlakatlarda yashab ijod etgan hamda yurtimizda tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan chet ellarda vafot etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning qabrlarini aniqlash, ularning mangu qo‘nim topgan maskanlarini obodonlashtirish;

— ijtimoiy-gumanitar fanlarning mamlakatimiz taraqqiyoti va yosh avlodimizning dunyoqarashini shakllantirishdagi o‘ta muhim imkoniyatlaridan foydalanib, ularni vatanparvarlik, millatparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalash hamda milliy manfaatlarimizga zid bo‘lgan g‘oya va mafkuralarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishdagi ahamiyatidan kelib chiqqan holda bu yo‘nalishda tayyorlanadigan fundamental asarlarni bosmadan chiqarishni va ularning ommaviylashuvini qo‘llab-quvvatlash;

— jamiyat, oila va ta'lim tizimida yosh avlodni kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston xalqining tarixi, ma'naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlarni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, ularga soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish;

— bolalarning ruhiy-ma'naviy dunyosini va madaniy saviyasini o‘stirib borish, ularning milliy va jahon musiqa madaniyatining eng yaxshi asarlari bilan oshno bo‘lishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

— nafaqat milliy, balki jahon musiqa san'atining ko‘pdan-ko‘p yo‘nalishlarini ham chuqur o‘rganish va yutuqlarini o‘zlashtirish, san'atkor, ayniqsa, yosh xonanda va sozandalarimizning xalqaro nufuzli tanlovlar va festivallarda ishtirok etib, sov­rinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishiga erishish.

— Biz ma'naviy-ma'rifiy hayotimizni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.

Bunda teatrning ma'naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda teatrga odamlarni qaytarish uchun, eng avvalo, zamondoshlarimizni o‘ylantirayotgan va to‘lqinlantirayotgan mavzularda badiiy jihatdan yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan spektakllarni ko‘paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o‘stirish va eng muhimi, mamlakatimizning barcha teatrlarida «Ochiq eshiklar kuni»ni tashkil etish;

— keksalarga hurmat, o‘zaro hamjihatlik, bolalarga g‘amxo‘rlik kabi xalqimizga xos oilaviy an'analarimizdan kelib chiqib, mamlakatda oilalarni mustahkamlash va oilaviy qadriyatlarni ardoqlash, yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish, ularning huquqiy va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, sog‘lom va mustahkam oilalar sonini yanada ko‘paytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga ko‘maklashish;

— oilalar hayotida hamon saqlanib qolayotgan noxush holatlar (to‘y marosimlarini o‘ta dabdabali qilib o‘tkazish va isrofgarchilikka asoslangan boshqa tadbirlar)ga barham berishga qaratilgan ishlarda faol ishtirok etish.

II. Mamlakat va xalqimizning tarixan hamda istiqlol yillaridagi davlatchilik, fuqarolik jamiyati, an'analari va zamonaviy demokratik qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ifoda etadigan SIYoSIY VA SUD-HUQUQ SOHASIDA zimmamizga qu­yidagi vazifalarni olmoqdamiz:

— mavjud davlat va siyosiy tizimni yanada mustahkamlash, milliy g‘oya, jamiyatimizning axloqiy va ma'naviy asoslari ustuvorligini ta'minlash. Bizning bosh maqsadimiz — zamonaviy rivojlangan demokratik davlat qurish;

— jamiyatda hukm surayotgan va xalqimizga xos bag‘rikenglik, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat'i nazar, O‘zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mustahkamlash;

— asrlar davomida o‘zbek xalqining eng ezgu va ilg‘or an'analari asosida tarixan qaror topgan mahallani milliy demokratik institut sifatida yanada takomillashtirish, uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarini hal etishda hamda milliy va ma'naviy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va an'analarni qayta tiklash va boyitishdagi bevosita ishtirokini ta'minlashda mahallaning rolini kuchaytirish;

— jamiyatda mustahkam barqarorlik va qonun ustuvorligini ta'minlashda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatda huquqiy ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, Konstitutsiya, inson huquqlari va demokratiya asoslarini uzluksiz o‘rganish tizimini rivojlantirishga qaratilgan tizimli va izchil choralarni ko‘rish;

— milliy qadriyat va xalqimizga xos fazilat hamda an'analardan kelib chiqib oila, meros, uy-joy da'vosi va maishiy turmush manbaida tug‘iladigan nizolarni sudgacha hal etish tizimini rivojlantirish, shu jumladan, har qanday nizoni tinch yo‘l bilan hal etishga intilish va murosa yo‘lini izlash, shuningdek, fuqarolarning sertashvish sud majlislariga xohish-istagi yo‘qligini inobatga olib, bu borada mahalla, vasiylik va homiylik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirish.

III. IQTISODIYoT SOHASIDA partiyamiz shiori — «Xalqning ma'naviy-ruhiy tiklanishi — iqtisodiy islohotlarning negizidir». Ushbu sohada quyidagi vazifalarni amalga oshiramiz:

— iqtisodiyotga XXI asr talablari va tafakkuri asosida yondashuvni amalga oshirib, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mamlakatimizning turli mintaqalarida faoliyat yuritib, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to‘lovlarda imtiyozlar berish yo‘li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirish;

— dunyo bozorida raqobatbardosh hamda milliy iqtisodiyotimiz timsoliga aylanadigan transmilliy kompaniyalarni shakl­lantirish, «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» tamg‘asi ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni qabul qilish va xorijiy mahsulotlar o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ular uchun soliq miqdorini kamaytirish, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish;

— mamlakatimiz poytaxti va hududlarni, shahar va qishloqlarni o‘zaro uyg‘un rivojlantirishga, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda hududlar bo‘yicha ayrim nomutanosibliklarga barham berish;

— O‘zbekiston murakkab geografik o‘rni tufayli dengizga chiqish imkoniyatiga ega emasligi va logistika infratuzilmasining sust rivojlanganligidan kelib chiqib, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish va tashqi bozorda mahsulotlarimizning tannarxini tushirish imkonini beruvchi transport-ekspeditorlik kompaniyalarga soliq imtiyozlari va preferensiyalarni berish, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berish tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan Dasturni qabul qilish va amalga oshirish;

— milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)dan muhofaza etish, qulay va jozibador sarmoya muhitini shakl­lantirishning huquqiy asoslarini kuchaytirish;

— xalqimizni va, ayniqsa, yoshlarning bevosita yurtimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy va sifatli kiyim-kechakka bo‘lgan ehtiyojini qondirish, yengil va ixcham to‘qimachilik korxonalarining sonini ko‘paytirish, ularga mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash;

— davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati shaffofligini ta'minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish;

— ichki xususiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga yo‘naltirishni yanada kengaytirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

— milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassis-kadrlarga bog‘liq ekanligini anglagan holda zamonaviy bilim va malakaga ega injyener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalardagi iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash.

Ma'lumki, O‘zbekiston ko‘p asrlik tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati hozircha to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi.Turizm iqtisodiyotning yanada rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omil sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimida muhim o‘rin tutadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirishga, millat farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo‘lib, yanada ommaviylashadi. Turizm, ayni, paytda ma'rifat va fuqarolik jamiyatining ma'naviy asoslarini shakllantirishda kuchli vosita bo‘lib ham xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, biz quyidagi masalalarni o‘z ichiga qamrab oladigan Kompleks chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishni taklif etamiz:

— sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo‘ljallangan ob'ektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta'minlash;

— xorijiy mehmonlar va mamlakatimiz aholisi uchun yurtimizning xalqaro nufuzini, maftunkorligini oshirishda asosiy omil bo‘lgan turistik faoliyat manzillarida, xalqaro aeroportlarda, vokzallarda ko‘rsatilayotgan servis va xizmatlar sifatini yaxshilash;

— alohida qo‘riqlanadigan noyob tabiiy hududlarni kelib ko‘rish tartibini ko‘zda tutadigan turizmning faol turlarini, xususan, ekoturizmni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratish.

IV. Aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish — IJTIMOIY SOHADAGI strategik maqsadimiz.

Shundan kelib chiqib, asosiy vazifalarimiz quyidagilardan iborat deb hisoblaymiz:

— bugun butun dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan Davlat dasturini qabul qilish va unda aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, mamlakatimizda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va bunda genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, shu bilan birga, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish;

— erta turmush va erta tug‘uruqlarning oldini olish borasida aniq va ta'sirchan choralar ko‘rish, bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholida erta nikohga nisbatan murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish;

— jamiyatda ayollarning yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi siyosiy yetakchilar maktabi tarmog‘ini yaratish, davlat boshqaruvi ishida xotin-qizlarning ishtirokini kuchaytirish;

— millat genofondini asrash va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish maqsadida o‘smir yigit-qizlarimizga sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan quvvat beruvchi ichimliklarni sotishni cheklash va bu borada ma'rifiy tushuntirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish. «Xalqi sog‘lom va barkamol rivojlangan mamlakat kuchlidir!» tamoyiliga amal qilishni izchillik bilan rivojlantirish;

— qurilish va bezak ishlarida milliy me'morlik an'analarini va ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash, tarixiy shaharlar va ochiq osmon ostidagi muzeylarni qayta ta'mirlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish;

— yo‘lovchilarga, jumladan, mamlakatimizning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan joylari aholisiga transport xizmati tizimini yaxshilash, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari uchun imtiyozli transport qatnovini ta'minlash;

— aholining elektorat qismi bandligi, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikni rivojlantirish evaziga ularni ish bilan ta'minlashni kengaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish;

— oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtirish;

— shaharlarimizning arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash, respublikamizning barcha burchaklarida, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda, uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish norma va qoidalari buzilishining oldini olish maqsadida uy-joy sohasidagi qonunchilikning bajarilishi ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish;

— madaniyat muassasalari, «Barkamol avlod» bolalar markazlari, musiqa va san'at maktablari, shu jumladan, olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq joylarni rivojlantirish uchun byudjyetdan mablag‘ ajratishni ko‘paytirish;

— ta'lim jarayoniga zamonaviy istiqbolli ilm-fan yutuqlarini joriy etish, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, ilmiy faoliyatga iste'dodli, qobiliyatli yoshlarni jalb etish orqali yuqori bilim-malakali jamiyatni shakllantirishga ko‘maklashish;

— mahallaning fuqarolar, o‘g‘il-qizlar va yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohadagi ishlarning samaradorligini oshirish, joylarda jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni yaxshilash bilan bog‘liq masalalarni hal etishdagi sa'y-harakatlarini yanada faollashtirish;

— bolalar, ayollar, shuningdek, og‘ir kasalliklar, shu jumladan, odam immuniteti tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan xastaliklar (OIV/OITS) dan aziyat chekuvchi shaxslarga samarali yordam ko‘rsatishni izchil davom ettirish, ular huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.

V. XXI asr — axborot asri sifatida maydonga chiqqanligini hisobga olib AXBOROT SOHASIDA milliy manfaatlarimiz hamda xalqimiz madaniyati va ma'naviyatining o‘ziga xosligini saqlashni ta'minlashga qaratilgan milliy axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish o‘ta muhim vazifa sifatida maydonga chiqmoqda. Mazkur vazifani amalga oshirish uchun quyidagi masalalar dolzarb ahamiyatga ega:

— milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirish, milliy axborot xavfsizligini ta'minlash vazifalarini hal etish. Rivojlangan milliy axborot makoni — mustahkam taraqqiyot poydevori ekanligini hisobga olib, uning izchillik bilan takomillashuviga erishish;

— aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi fuqarolarning yuqori darajada axborotga ega bo‘lishini ta'minlash;

— idoralararo va idora majmualarining axborot tizimlarini birlashtiruvchi milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini, ayniqsa, Internet tarmog‘ining milliy segmentlarini rivojlantirish;

— yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini, samarali axborot-ta'lim makonini yaratish, bolalarni ularning jismoniy va ma'naviy-axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan axborotlardan muhofaza qilish;

— ijtimoiy ongda milliy g‘oya shakl­lanishi va rivojlanishi jarayonlarini axborot jihatdan ta'minlashni yanada kuchaytirish, har bir fuqaroning ongiga, ma'naviy dunyosiga mamlakatimizda ozod va obod hayot barpo etish — bosh maqsadimiz ekanini keng miqyosda va chuqur singdirib borish;

— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati bo‘yicha «oshkoralik indeksi» monitoringi tizimini vujudga keltirish, ushbu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini keng miqyosda jalb etish.

VI. «DUNYoDA HeCh BIR NARSA MAMLAKATNI, MILLATNI SPORTChALIK DUNYoGA TeZ TANITMAYDI, MAShHUR QILA OLMAYDI» tamoyili asosida sportning barcha turlari, ayniqsa, olimpiada o‘yinlari das­turidan o‘rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo‘llab-quvatlash yetakchi vazifamizdir:

— bunda, eng avvalo, jahon miqyosida o‘zbek sportchilari erishayotgan olamshumul yutuqlar xalq va millat g‘ururi o‘sishiga xizmat qilishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda odamlarni yagona maqsad sari birlashtiruvchi xususiyatini tizimli ravishda keng targ‘ib qilish hamda Vatanimiz iftixorlari bo‘lgan sportchilar hayot yo‘li haqida tarbiyaviy ahamiyatga ega hujjatli va badiiy filmlar, ilmiy-ommabop asarlar yaratishni yanada kuchaytirish;

— «Farzandlari sog‘lom va barkamol yurt — qudratli bo‘lur» shiori ostida mamlakatimizda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini rivojlantirish ishiga har tomonlama ko‘maklashish, bolalar va yoshlarning keng ko‘lamda sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

— yoshlarni uch bosqichli tizimdagi ommaviy sportga — «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalariga jalb etishni yanada rivojlantirishga, shuningdek, maktab o‘quvchilarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish;

— milliy qadriyatlarimiz, matonat, jasorat, vatanparvarlik va insonparvarlik asoslarini o‘zida yorqin mujassam etgan va bugun dunyoning 130 ga yaqin mamlakatida kurash federatsiyalari tashkil etilganligini hisobga olib, o‘zbek kurashini Olimpiya o‘yinlari qatoriga kiritish maqsadida Xalqaro kurash federatsiyasi, Xalqaro va Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan aloqani har taraflama mustahkamlashni bu boradagi eng asosiy vazifalarimiz deb bilamiz.

VII. TAShQI SIYoSAT SOHASIDA biz O‘zbekistonning tinchliksevar siyo­sati va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston Respublikasi faol tashqi siyosatining asosiy maqsad va vazifalarini bugungi murakkab sharoitda, mintaqada xavfsizlik va bar­qarorlikka tahdidlar saqlanib qolayotgan bir vaziyatda amalga oshirmoqda deb hisoblaymiz. O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, uning ma'naviy-axloqiy an'analari va qadriyatlari, jahon madaniyatiga qo‘shgan beqiyos hissasi respublikaning zamonaviy xalqaro munosabatlarda, faol tashqi siyo­sat va tashqi iqtisodiy faoliyatda teng huquqli sub'ektga aylanishining asosiy va muhim vositasi bo‘ldi.

Biz buyuk alloma va mutafakkirlar Vatani, ulkan va noyob boyliklar, iqtisodiy va aqliy salohiyatlar egasi bo‘lgan O‘zbekistonning xalqaro miq­yosdagi nufuzi va obro‘-e'tiborini yanada yuksaltirish yo‘lida faoliyat olib borishni eng muhim vazifamiz deb bilamiz. Samarali tashqi siyosatni amalga oshirishda partiyamiz saylovoldi Dasturida belgilab qo‘yilgan quyidagi vazifalar tarafdorimiz:

— tashqi siyosat va davlat boshqaruvining boshqa organlari faoliyati doirasida milliy manfaatlarni qat'iy himoya qilish. Bizning shiorimiz — milliy manfaatlar har narsadan ustun;

— O‘zbekiston xalqining madaniyati va san'ati yutuqlarini keng miqyosda targ‘ib etish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash;

— O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining xorijiy davlatlarda huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining har tomonlama himoya qilinishini ta'minlash borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

— boshqa davlatlar tomonidan uyushtiriladigan axborot xurujlariga qarshi kurashishning samaradorligini ta'minlash;

— O‘zbekistonning ayrim sheriklar va mamlakatlar guruhiga bog‘liqligini kamaytirish maqsadida iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa xildagi aloqalarni keng ko‘lamda diversifikatsiya qilish;

— mamlakatimizning ishonchli, siyo­siy va savdo-iqtisodiy sohalarda mas'uliyatli sherik sifatida xalqaro miqyosdagi imijini mustahkamlash;

— insoniyat tamaddunining qadimgi transchegaraviy yo‘nalishi bo‘lgan Sharq va G‘arbni birlashtiruvchi, iqtisodiy, siyosiy va madaniy-insonparvarlik sohalardagi hamkorlik aloqalarini institutsional mustahkamlash va kengaytirishda muhim o‘rin tutadigan Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash, kuchli «Buyuk Ipak yo‘li» brendini ilgari surish.

Bizning asosiy g‘oyamiz — Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va oso­yishtalikni yanada mustahkamlash orqali iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur'atlari, xalqimiz farovonligi va mamlakatimizning bundan buyon ham gullab-yashnashiga bor kuch-qudratimizni bag‘ishlash orqali jonajon O‘zbekistonimizning milliy manfaatlari yo‘lida fidokorona xizmat qilishdir.

Biz uchun yagona va ustuvor maqsad — bu O‘zbekiston manfaati va yana bir bor O‘zbekiston manfaatidir.

Top