11:46 / 02.11.2016
27734

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni ustuvor vazifa sifatida belgilangan

O‘zbekiston siyosiy partiyalari seshanba kuni o‘z saytlarida nomzodlarining saylovoldi dasturlarini e'lon qildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning saylovoldi dasturi «Bizning maqsad — tinchlikni ta'minlash, taraqqiyot va qonun ustuvorligi!» deya nomlangan.

Bizning bosh maqsadimiz – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan boshlab berilgan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta'minlash, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat.

Bizning saylovoldi dasturimizda davlatimizning jadal rivojlanishi yo‘lida xalaqit berishi mumkin bo‘lgan to‘siqlar har tomonlama tahlil etilgan holda, yurtimiz hayotining barcha sohalarini qamrab oladigan va ehtimol tutilgan xavf-xatarlarning oldini olish, yaqin va olis istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan va shuningdek, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishni ta'minlaydigan beshta ustuvor yo‘nalish belgilab olindi.

I. Davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish. «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» konsepsiyasini amalga oshirish

Siyosiy tizimni rivojlantirish sohasidagi ustuvor vazifalarimiz rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini amalga oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishdan iborat.

Biz davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining rolini kuchaytirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid eng muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirishni zarur deb hisoblaymiz.

Ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning ta'sirini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hokimiyatning vakillik organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini nazarda tutib, xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatida siyosiy partiyalar guruhlarining rolini kuchaytirish, ayniqsa, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilish borasidagi vakolatlarini kengaytirish tarafdorimiz.

Bu maqsadlarga erishish ko‘p jihatdan davlat boshqaruvi tizimi va uning apparati faoliyati samaradorligini oshirish bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan biz davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.

Shu bilan birga, biz xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ushbu sohada tajribadan o‘tgan bozor mexanizmlari va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplarini keng joriy etishni ta'minlash zarur deb hisoblaymiz.

Biz vakolatlarni markazdan joylarga berish tarafdorimiz. Shuning uchun hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta'minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi barcha bo‘g‘inlardagi hokimiyatlarning vazifa va vakolatlar tizimini takomillashtirish e'tiborimiz markazida bo‘ladi.

Hokimlik idoralarining moddiy-texnik ta'minoti va xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqamiz. Ushbu ishlarni amalga oshirishda «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Biz yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratish ustida jiddiy ishlaymiz.

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda davlat xizmatchilari tomonidan sansalorlik va mas'uliyatsizlik holatlariga butunlay barham berish uchun biz qat'iy kurash olib boramiz.

Rahbarlar faoliyatiga, ularga bo‘lgan ishonch va aholini o‘ylantirayotgan muammolarni samarali hal etish darajasidan kelib chiqqan holda, xalqning o‘zi baho beradi.

Binobarin, davlat muassasalari xodimlarining mas'uliyatini oshirish va shuningdek, ularning huquqlarikafolatlarini mustahkamlash maqsadida biz «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish tashabbusiniilgari suramiz.

«Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» konsepsiyasini amalga oshirishni davom ettirish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda jamoatchilik nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini rivojlantirish, mahalla tuzilmasining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish va shuningdek, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari ko‘riladi.

Ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish sohasida biz ularning iqtisodiy asoslari va moddiy bazasini yanada mustahkamlash, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.

II. Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish.

«Kuch – adolatda» tamoyilini amalga oshirish

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash amalga oshirilayotgan barcha islohotlar samaradorligining kafolatidir, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda tinchlik, totuvlik va barqarorlikni ta'minlashning eng muhim omilidir.

Shuning uchun ham sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning bosh vazifasi – bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini ta'minlashdan iborat.

Shu munosabat bilan sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, adolatli qarorlar qabul qilishga qodir, mustahkam irodali, yuksak ma'naviy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan sudyalar korpusini shakllantirish, sud-tergov faoliyatiga ilg‘or ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e'tibor qaratiladi.

Sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmasdan amal qilinishini ta'minlash biz uchun eng muhim masala bo‘lib qoladi.

Huquqni muhofaza qilish faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash, bu borada fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan samarali hamkorlik mexanizmlarini keng qo‘llashni asosiy vazifamiz deb bilamiz.

Odil sudlovni ta'minlashda taraflar tengligi prinsipini to‘liq ishlatish uchun advokatura sohasini isloh qilish, sud-tergov jarayonlarida advokatning vakolatlarini kengaytirish va rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rish zarur.

Davlat idoralarida yuridik xizmat samaradorligini ta'minlash maqsadida yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalasi biz uchun dolzarb vazifa hisoblanadi.

Biz jinoiy jazolarni liberallashtirish siyosatini, ayrim jinoyat turlarini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazish, yarashuv institutini qo‘llash imkoniyatlarini yanada kengaytirish siyosatini davom ettiramiz.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Bu jarayonda mahalla imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va ularning profilaktikasi samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. Bularning barchasi bizning dasturimizda muhim o‘rin tutadi.

III. Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur'atlarini ta'minlash

«Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta'minlab bo‘lmaydi» degan, amalda o‘zini oqlagan qoidadan kelib chiqqan holda, biz kelgusida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida asosiy e'tiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratishni zarur deb hisoblaymiz.

Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va erishilgan iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolish, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta'minlash ulkan ahamiyatga ega.

Moliyaviy sohada tarmoq va mintaqalarning mutanosib rivojlanishi hisobidan aholining ijtimoiy muammolarini hal etishni ta'minlaydigan mahalliy byudjyetlarning daromadlar bazasini kengaytirishga e'tibor qaratiladi. Mahalliy byudjyetlar imkoniyatlarining oshirilishi, avvalo, aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak.

Ikkinchidan, iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, investitsiyaviy faollikni kuchaytirish hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Asosiy va muhim vazifa – 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadli dasturlarni amalga oshirishdan iborat.

Shu maqsadda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xom ashyosi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan 8 ta maxsus dastur qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Yaqin besh yilda umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investitsiya loyihasini amalga oshiramiz. Bu choralar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturni ishlab chiqish yakuniga yetkazildi. Qiymati 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish vazifasi oldimizda turibdi. Natijada tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Biz o‘z oldimizga yana bir muhim vazifani qo‘yganmiz, u ham bo‘lsa, farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirishdan iborat. 67 ta hududiy loyihalarning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.

Ayni vaqtda, davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi ta'minlanadi.

Xorijiy investitsiyalar va zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida Navoiy va Jizzax viloyatlari hamda Angren shahrida erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Berilgan imtiyozlar korxonalar tomonidan innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon yaratmoqda. Bu ijobiy tajribani kengaytirish maqsadida Urgut va G‘ijduvon tumanlarida, Qo‘qon shahrida ham erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Uchinchidan, aholi bandligini ta'minlash va bu tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni tizimli asosda davom ettiramiz. 2017 yilda Yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi doirasida 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik hisobidan ish bilan ta'minlash choralarini ko‘ramiz.

To‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasini yanada isloh qilishni ustuvor vazifa deb hisoblaymiz. 2017–2020 yillarga mo‘ljallangan Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturi qabul qilinib, uning doirasida ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta ekishni bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilmoqda. Hal qiluvchi vazifa – yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulotni saqlash va chuqur qayta ishlash infratuzilmalarini takomillashtirishdan iborat.

Sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish, eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat va chorva mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shuningdek, kichik sanoat korxonalari tarmoqlarini tashkil etish va agrar xizmatlarni kengaytirish e'tiborimiz markazida bo‘ladi. Bu maqsadlar uchun qo‘shimcha ravishda 200 ming tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega bo‘lgan sovutgichli omborxonalar barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Asosiy vazifalarimizdan yana biri – qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishning mavjud tizimini takomillashtirishdan iborat. Bu ishlarni amalga oshirgan taqdirdagina biz kafolatlangan barqaror hosildorlikni, butun agrosanoat kompleksini rivojlantirishni va eng muhimi, fermerlarning moddiy manfaatdorligini oshirishni va qishloq joylarda turmush darajasini yaxshilashni ta'minlay olamiz. Bu mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning mustahkam poydevori bo‘lishi zarur.

Beshinchidan, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi oldimizda turibdi. Xususiy mulk va tadbirkorlik rivojiga xalaqit beradigan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish zarur.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish – siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi va birinchi darajali vazifasi hisoblanadi. Bu vazifalarni hal etishda biz tadbirkorlik faoliyatini nazorat qilish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishga alohida e'tibor qaratamiz.

Biz tadbirkorlarni sud yo‘li bilan himoya qilishni kuchaytirish va ularning mas'uliyatini liberallashtirish, ayni paytda, xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashgani uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish, soliq boshqaruvi va bank faoliyatiga zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ruxsat berishga oid hujjatlar va litsenziyalar berish tartib-taomillarini soddalashtirish orqaligina ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga erishishimiz mumkin.

Oltinchidan, mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan 2017–2021 yillarda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Dastur doirasida sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, turistlar uchun viza va ro‘yxatga olish tartib-taomillarini soddalashtirish, yangi turistik marshrutlarni yaratish, turizm infratuzilmasining jadal rivojlanishini ta'minlash, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz.

Shu maqsadda tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratishni ko‘zda tutadigan yangi tahrirdagi «Turizm to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surishni, shuningdek, «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqishni zarur deb bilamiz.

Yettinchidan, hududlarni yanada kompleks rivojlantirish eng muhim vazifadir.

Avvalo, Birinchi Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan bir qator viloyatlar, Toshkent, Qarshi, Shahrisabz, Termiz, Namangan, Urganch va Guliston shaharlari, shuningdek, Bulung‘ur va Nishon tumanlari sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi dasturlar ijrosi so‘zsiz ta'minlanadi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Chuqur tahlillar asosida har bir hududning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari, talab va ehtiyojlarini inobatga olgan, har bir mahallani nazarda tutgan holda, 2017–2021 yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi. Bu dasturlarni amalga oshirish natijasida subvensiya oladigan 81 ta tuman moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi to‘liq ta'minlaydigan hududga aylanadi, shuningdek, 41 ta tuman va shahar bo‘yicha subvensiya darajasi sezilarli ravishda kamayadi.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrini nafaqat mintaqamiz, balki dunyodagi eng go‘zal va obod megapolislardan biriga aylantirish birinchi darajali vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shu maqsadda, milliy me'morlik va shaharsozlikning eng ilg‘or yutuq va yechimlaridan foydalangan holda, keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish e'tiborimiz markazida bo‘ladi.

Toshkent shahri uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik dastur – Sirg‘ali tumanida yaqin kelgusida 500 ta ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy barpo etish loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu esa qariyb 30 ming oilani, birinchi navbatda kam ta'minlangan oilalarni yangi uy-joy bilan ta'minlash imkonini beradi.

Shaharning barcha tumanlarida yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etish, yashil maydon va hududlarni yanada ko‘paytirish, kommunal va savdo xizmatlari sifatini yaxshilash, yangi transport-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy xizmat turlari, madaniy-maishiy ob'ektlar bunyod etish, yer ustidan o‘tadigan tezyurar metro yo‘nalishlarini qurish masalalariga ustuvor ahamiyat beriladi.

Iqtisodiyot sohasida amalga oshiradigan ishlarimiz avvalo xalqimizga, har bir fuqaroga qanday naf yetkazishi, uning dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi biz uchun o‘ta muhimdir. Shu munosabat bilan ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Shuningdek, iste'mol tovarlari, jumladan, arzon narxdagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini kengaytirish va hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi oldimizda turibdi.

IV. Ijtimoiy sohani rivojlantirish.

«Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun» degan eng muhim tamoyillardan birini amalga oshirish

Bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun biz mamlakatimiz miqyosidagi qator maqsadli dasturlarni amalga oshirishimiz zarur.

Avvalo, qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini hisobga olib, Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi. Unga binoan, 2017 yilda ehtiyojmand oilalar uchun boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytirilib, to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 2017–2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari va yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun ko‘p qavatli arzon uylar quriladi.

Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish biz uchun alohida dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etish imkonini beradi. Kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3 million 200 ming aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va mamlakatimizda ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tashkil etiladi hamda Moliya vazirligi huzurida «Toza suv» maxsus jamg‘armasi tuziladi.

Aholi va korxonalarga elektr quvvatini kafolatli va barqaror tarzda yetkazib berish maqsadida Shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash dasturini amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda.

Mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarni hamda yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish dasturi doirasida umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, aholi uchun o‘ta muhim bo‘lgan 10 ming 400 kilometrlik xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta'mirlash mo‘ljallanmoqda.

Bu dasturni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Yo‘l jamg‘armasi va «O‘zavtoyo‘l» kompaniyasining tashkiliy tuzilmasi va faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturiga asosan 74 ta avtovokzal va avtostansiya rekonstruksiya qilinadi va yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, ularning xavfsizligini ta'minlash choralari ko‘riladi. Yangi 3 mingta zamonaviy avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi va mavjud yo‘nalishlardagi eskirgan avtobuslar yangilanadi.

Havo va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etish bilan bir qatorda Buxoro – Miskin temir yo‘l tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi – Termiz, Pop – Namangan – Andijon – Qo‘qon temir yo‘llarini elektrlashtirish ishlari ham nazarda tutilmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturi shaharlarimiz va qishloq aholi punktlarining tozaligi va ozodaligini oshirish, atrof-muhitni zaharlaydigan, aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan, noqonuniy chiqindilar tashlanayotgan joylarni yo‘q qilish imkonini beradi. Maishiy chiqindilar uchun, jumladan, barcha viloyatlar markazlari hamda Qo‘qon, Marg‘ilon, Angren, Bekobod, Olmaliq va Xiva shaharlarida 168 ta maxsus joylar tashkil etiladi. Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar qo‘shimcha ravishda 405 ta zamonaviy maxsus texnika bilan ta'minlanadi.

Aholiga ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun'iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lgan maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash e'tiborimiz markazida bo‘ladi. Jumladan, davlatga qarashli 1 million 109 ming o‘rinli 2 ming 200 ta bolalar bog‘chasini qurish, kapital ta'mirlash va jihozlash masalalari hal etiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh etish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam xizmati, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash hamda xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.

Muhtarama ayollarimizga e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Jamiyatimizda tinchlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazishda o‘rni beqiyos bo‘lgan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi nufuzini yanada oshirishimiz zarur. Ular uchun munosib shart-sharoitlar, yangi ish o‘rinlari yaratish, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, iste'dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish bizning doimiy va muhim vazifamiz bo‘lib qoladi.

Xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizni e'zozlash, ularni hayotdan rozi qilish, qo‘limizdan kelganicha umrlarini uzaytirish asrlar davomida eng ulug‘ qadriyatlarimizdan biri bo‘lib kelmoqda. Bunday tabarruk insonlarga xizmat qilish, ularga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni ezgu va savobli ishimiz deb bilamiz.

Yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish rejalashtirilmoqda. «Nuroniy» jamg‘armasining maqomi va mavqeini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi.

Ma'naviy-ma'rifiy sohada oldimizda turgan eng muhim va dolzarb vazifamiz – yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini yuksaltirish, farzandlarimizning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirishdan iborat.

Bu vazifalarni amalga oshirishda biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an'analarimizga, ajdodlarimizning boy ma'naviy merosiga tayanamiz. Yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kamol toptirish, ularni sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytiramiz. Bu boradagi siyosatimiz yangi qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida qat'iy davom ettiriladi.

Biz 2017–2021 yillarda oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirishdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga, oliy ta'lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga qattiq bel bog‘laganmiz.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlar intiladigan, ularning qobiliyat va iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan va manfaatlarini haqiqiy himoya qiladigan tashkilotga aylanishi zarur, deb hisoblaymiz. Bu borada alohida e'tiborni uyushmagan yoshlar bilan ishlashga va ularni tashkilot faoliyatiga jalb etishga qaratamiz.

Biz ilm-fan namoyandalari, zahmatkash olimlarimiz uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Hayotimizning eng muhim jabhalari uchun yuksak texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar yaratish, malakali mutaxassislar tayyorlash, jahon axborot texnologiyalari bozorida munosib o‘rin egallash masalasiga ustuvor ahamiyatga ega vazifa sifatida qaraymiz.

Ayni vaqtda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholining kitobxonlik ko‘nikmasini yanada yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini Internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilish ishlariga alohida e'tibor qaratamiz.

O‘zining noyob iste'dodi va mahoratini xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan, inson qalbining muhandislari bo‘lgan ijodkor ziyolilarga doimiy e'tibor masalasi dasturimizda yetakchi o‘rin egallaydi. Ijodiy tashkilotlar, badiiy uyushmalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni, ularning moddiy-texnik bazasi, infratuzilma tarmoqlarini mustahkamlash, ijodkor ziyolilarimizning eng yaxshi asarlarini yurtimizda va chet ellarda targ‘ib etishni biz ma'naviy-ma'rifiy sohadagi siyosatimizning muhim bir yo‘nalishi deb bilamiz.

Madaniyat, san'at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarni moddiy va ma'naviy jihatdan rag‘batlantirish, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, yurtimizda o‘tkazila­yotgan ijodiy tanlov va festivallarning sifati va samaradorligini oshirish, badiiy asarlar uchun to‘lanadigan qalam haqi miqdorini qayta ko‘rib chiqish, ijodiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini himoya qilish masalalari diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Biz madaniyat va sport muassasalari, teatr va muzeylarimizning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash bo‘yicha maxsus dasturlarni amalga oshiramiz.

V. Xavfsizlikni ta'minlash.

Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik.

Tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar

Biz «O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak» degan da'vatni xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi faoliyatimizning asosiy tamoyili sifatida belgilab olganmiz.

Bizning eng asosiy yutug‘imiz – ko‘p­millatli xalqimizning har qanday qiyinchilik va sinovlarni yengishga qodirligi, uning zamonaviy dunyoqarashi, siyosiy ongi va ijtimoiy faolligining yuksalib borayotgani, atrofimizdagi voqealarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotganidir.

Butun dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda doimo hushyor va ogoh bo‘lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash – xavfsizlik va barqarorlikni hamda xalqimizning osoyishta hayotini ta'minlashning eng muhim sharti va kafolatidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tinch-totuv hayot kechirayotgani – istiqlol davrida erishgan eng muhim yutuqlarimizdan biridir. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 137 ta milliy madaniy markazning o‘rni beqiyos ekanini inobatga, olgan holda, millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashda kelgusida ham siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Diniy bag‘rikenglik asrlar davomida xalqimiz mentalitetining ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda yurtimizda hukm surayotgan bag‘rikenglik muhiti tufayli mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 ming 200 dan ortiq diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, qaysi din va e'tiqodga mansubligidan qat'i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligini ta'minlashni bundan buyon ham eng muhim vazifalarimizdan biri, deb hisoblaymiz.

Muqaddas islom dinimizni noto‘g‘ri talqin etayotgan va uni niqob qilib, tinch va osoyishta hayotimizga raxna solayotgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi biz doimo keskin kurashib kelganmiz va bundan keyin ham qat'iy kurashamiz.

Mamlakatimiz suvereniteti va musta­qilligiga tahdid solishga urinadigan yovuz kuchlarning har qanday harakatlariga keskin zarba beriladi.

Tashqi siyosat sohasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan prinsip va yondashuvlarga to‘liq amal qilish saylovoldi dasturimizning muhim tarkibiy qismini tashkil etadi.

Tashqi siyosatimizning asosiy ma'no-mazmuni – tinchlikparvarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish, barcha xorijiy davlatlar va jahon hamjamiyati bilan amaliy hamkorlik qilishdan iborat.

Mamlakatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaydi, boshqa davlatlarning harbiy baza va ob'ektlari O‘zbekiston hududida joylashtirilishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashqi siyosatni amalga oshirishda barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz.

* * *

Biz saylovoldi dasturimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish borasidagi eng muhim maqsad va ustuvor vazifalarni belgilab oldik. Mazkur maqsad va vazifalarni hayotga to‘liq tatbiq etish uchun 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Harakat strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.

Ulkan rejalarimizni amalga oshirishda biz, birinchi navbatda, barcha yurtdoshlarimiz, butun xalqimizning aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyatiga tayanamiz.

Faqatgina xalqimizning shijoati va qudrati, bukilmas irodasi va qat'iyati, eng muhimi, mustaqil taraqqiyotga bo‘lgan ishonchi buyuk maqsadlarimizga erishishning birdan-bir kafolatidir.

Barchamiz uchun Vatan bitta!

Bitta maqsad bizni birlashtiradi, u ham bo‘lsa: Vatanimiz taraqqiyotidir!

Muqaddas yurtimiz, bag‘rikeng xalqi­mizga sadoqat bilan xizmat qilish esa barchamizning eng sharafli burchimizdir!

Top