19:33 / 04.11.2016
10652

Misr ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi saylov haqida katta maqola chop etdi

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining axborotiga ko‘ra joriy yilning 2 noyabr kuni “al-Axram” Misr davlat nashriyot kompleksining “al-Aklam va al-Kutub” (Qalam va kitob) ilmiy-ommabop jurnali sahifalarida “O‘zbekiston demokratik va barqaror taraqqiyot yo‘lida” deb nomlangan katta maqola chop etildi. 

Maqola maullifi bo‘lmish Qohira universiteti Osiyo tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari Ahmad Tarabiq “demokratik yangilanish milliy modelining ro‘yobga chiqarilishi O‘zbekistonda barqarorlik va xavfsizlikni, shuningdek barqarorni taraqqiyotni ta'minlash imkonini berdi” deb ta'kidlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra mustaqillik yillarida O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirishga va mamlakatni modernizatsiya qilishga, fuqarolar huquqlari hamda erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga, shu jumladan kuchli fuqarolik jamiyatini bosqichma-bosqich shakllantirishga qaratilgan bir qator pritsnipial va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. 
Muallifning ta'kidlashicha, demokratiya bugun shunchaki qadriyatlar tizimi bo‘lmay, balki ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy institutlar va mexanizmlarning qonuniy dasturlari tizimidir. Bu, birinchi navbatda, inson manfaatlari ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan. Uning fikricha, bularning barchasi O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘z demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlab olganini yaqqol namoyish etadi.

“O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, jamiyatning barqaror rivojlanishiga mamlakat o‘z xalqining tarixiy an'analari, ma'naviy qadriyatlari va mentalitetini belgilab olgandagina erishiladi” deb ta'kidlaydi A.Tabariq. 

Shundan so‘ng A.Tabariq maqolasidan quyidagi parchalar keltiriladi:

2005 yilda o‘zbek davlatchiligi tarixida ilk marotaba ko‘ppartiyaviylik asosida yuqori palata – Senat va quyi palata – Qonunchilik palatasidan iborat ikki palatali parlament (Oliy Majlis) tashkil etilishi muhim siyosiy voqea bo‘ldi.

Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekistondagi davlat hokimiyati tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘lish prinsipiga asoslanadi.
Saylov va fuqarolik jamiyati institutlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining izchil demokratlashtirilishi va erkinlashtirilishi natijasida O‘zbekistonda prezident va parlament saylovlarining ko‘ppartiyaviylik asosida xalqaro standartlarga hamda ochiq-oshkoralik va shaffoflik kabi demokratik prinsiplarga muvofiq o‘tkazilishini ta'minlovchi barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Bu prinsiplar ko‘p jihatdan Markaziy saylov komissiyasi, fuqarolik jamiyati institutlari, eng avvalo siyosiy partiyalar, ularning vakolatli vakillari va kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek chet davlatlarning kuzatuvchilari tufayli ta'minlanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla), siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari, NNT, nodavlat ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari sifatida qaralmoqda.

O‘zbekistonda huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida sud-huquq tizimini chuqur isloh qilish va erkinlashtirish konsepsiyasi muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarilmoqda. Jumladan, 2008 yil 1 yanvardan boshlab respublikada o‘lim jazosi bekor qilindi. O‘lim jazosi umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirildi. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi esa faqat og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlarga nisbatan tayinlanadi.

Shuningdek mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi ham muhimdir. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 8 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotining erkin rivojlanishini ta'minlovchi mukammal normativ-huquqiy baza yaratilgan.

Hozir mamlakat 2016 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.
 

Mavzuga oid
Top