12:50 / 04.11.2016
7235

Prezident saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiya a'zolari uchun o‘quv-seminar tashkil qilinmoqda

2016 yil 4 dekabr mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi va mazkur jarayonda eng muhim vazifalar uchastka saylov komissiyalari zimmasiga yuklatiladi. Shu bois joriy yilning 3 noyabrdan e'tiboran Toshkentdagi 713ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiya a'zolari uchun o‘quv-seminar tashkil etilmoqda.

Ta'kidlanganidek, saylov uchastkalari saylov o‘tkazish davrida saylovchilar bilan doimiy ishlovchi, saylovchilarni saylov jarayonlari va nomzodlar haqida tegishli ma'lumot bilan ta'minlovchi, shu bilan birga,   o‘z mohiyatiga ko‘ra, saylovchilarning ovozini bevosita qabul qiluvchi va joylarda dastlabki natijani aniqlovchi saylovning eng muhim va asosiy quyi tashkiliy tuzilmasi hisoblanadi.

Shundan kelib chiqqan holda, joylarda o‘tkazilayotgan seminarlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ayni shu mas'uliyatni his etib belgilangan chora-tadbirlar asosida tashkil etilmoqda. Unda soha mutaxassislari va ekspertlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari a'zolariga saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda uchastka saylov komissiyalarining oldida turgan muhim vazifalar, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish, saylovchilar ro‘yxatini tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari, ovoz berish jarayonini tashkil etish va o‘tkazish, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qilish, saylov jarayonida kuzatuvchilarning o‘rni xususida zarur ma'lumotlar berishmoqda.

Uchastka saylov komissiyalari tomonidan bunday muhim vazifalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda yetarli huquqiy baza yaratilgan, shu bilan birga, muntazam ravishda ushbu masalalar Markaziy saylov komissiyasi qarorlari bilan tartibga solingan. Bular esa, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish hamda oldimizda turgan muhim tadbirning oshkoralik va transparentlik ruhida o‘tkazilishiga zamin yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha 14-Toshkent shahar saylov okrugi Matbuot markazi

Top