16:51 / 07.11.2016
7848

Kurd harbiy bo‘linmalari Baashika shahriga kirdi

Foto: AFP

Kurdlarning peshmerga harbiy bo‘linmalari Iroqning Baashika shahriga kirdi, deb xabar qilmoqda Rudaw agentligi. Mo‘suldan 13 kilometr shimoli-sharqdagi shahar IShID jangarilari tomonidan egallab olingan edi.

Peshmerga jangchilari 7 noyabr kuni Baashika shahriga yurishni boshlagani haqida avval xabar qilingan edi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya samolyotlari hujumga tayyorgarlik doirasida IShID egallab turgan pozitsiyalarga havo zarbalari bergan. 

Peshmerga kuchlari dala komandiri Sihad Barzaniyning aytishicha, shaharda shuningdek, IShID o‘rinlariga artilleriya zarbalari ham berilmoqda. Hujum vaqtida 11 nafar terrorchi o‘ldirilgan. Yana ikki nafari asir olingan. Bundan tashqari, besh nafar hudkush terrorchi peshmerga kuchlari yaqinida portlovchi belbog‘larni harakatga keltirgan. Kurdlarning harbiy bo‘linmalari orasida jabrlanganlar haqida xabar qilinmayapti. 

Koalitsiya samolyotlari peshmergani havodan qo‘llab-quvvatlayotgani xabar qilinmoqda. Kurd jangchilarining taxminlariga ko‘ra, shaharda IShIDning 40-50 nafar jangarisi qolayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, shahar kun nihoyasigacha ishidchilardan to‘liq ozod etilishi kutilayapti. 

Mavzuga oid
Top