13:19 / 08.11.2016
4820

Dentsu kompaniyasi rahbariyati o‘z xodimasining o‘limida ayblanmoqda

Foto: Reuters

Yaponiyaning sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi dunyodagi eng yirik reklama kompaniyasi bo‘lgan Dentsu rahbariyatini mehnat qonunchiligini muntazam ravishda buzib kelganlikda ayblamoqda. 

Xususan, kompaniya rahbariyati ishchilarni rejadan ziyod  ishlash haqidagi ma'lumotlarni kamaytirib yozishga majbur qilgan va bu hattoki yosh xodimaning o‘z joniga qasd qilishiga olib kelgan. Bu haqida "Nikkei" gazetasi ma'lum qildi. 

88 nafar idora vakillari dushanba kuni Tokiodagi bosh idoradan xodimlarning ishga kelish va ketish vaqti qayd qilingan ma'lumotlarni topishdi. Natijada 30dan ziyod kishi o‘z hisobotlarida bir oylik ish vaqtini 100 soatdan ortiqqa kamaytirishgani ma'lum bo‘ldi.

Yaponiya qonunlariga ko‘ra, ish haftasi 40 soatlik hisoblanadi. Dentsu xodimlari esa mehnat shartnomasiga ko‘ra, qo‘shimcha ish vaqti uchun ustama haq olishlari kerak, biroq bir oyda 70 soatdan ortiq vaqt uchun qo‘shimcha pul to‘lanmaydi. Aynan shu sabab rahbariyat o‘z xodimlaridan ish vaqtiga doir ma'lumotlarni kamaytirishni talab qilgan. 

O‘tgan yilning dekabrida kompaniyada faoliyat yurituvchi 24 yoshli Matsuri Takaxasi o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng kompaniyaga nazorat organlarining e'tibori qaratildi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, qiz haddan tashqari ishga "ko‘milib ketgani" uchun o‘z joniga qasd qilgan. U bir oyda rejadan tashqari 105 soat ishlagan, ish beruvchi esa  topshirilayotgan hujjatlarida ma'lumotlarni kamaytirib yozishni talab qilib, unga bosim o‘tkazgan. 

Yaponlarning rejadan tashqari ishlashlari va ishxonalarida katta stressga yo‘liqishlari ko‘pchilikka ayon. Mamlakatda buning uchun hattoki maxsus atama ham bor - "karosi" - bu so‘z "haddan ziyod mehnat qilish tufayli o‘lish" ma'nosini anglatadi. Umuman olganda, aksariyat yapon ishchilarining o‘zi bunga qarshilik qilmaydi, chunki ular karera qurish va ko‘proq pul ishlash payida bo‘lishadi. 

Top