13:17 / 08.11.2016
9250

Sarmoyalar uchun fuqarolik taqdim etuvchi mamlakatlar reytingi e'lon qilindi

Foto: masterlex.it

2016 yilda Malta va Portugaliya davlatlari sarmoyalar vositasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma va fuqarolik olish dasturlari bo‘yicha reytinglarda birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Henley & Partners kompaniyasi mazkur ro‘yxatni tuzib chiqqan. 

2016 yilning «Sarmoya kiritish yo‘li bilan yashashga ruxsat olish» reytingida Portugaliya o‘zining investitsiya dasturi bilan bu yil ham birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Bu mamlakatga 250 ming yevro miqdorida sarmoya kiritgan shaxsga doimiy yashashga izn beriladi. Belgiya va Avstriya ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egallagan, ular o‘tgan yilga nisbatan o‘rin almashishgan xolos. Buyuk Britaniya bu borada sezilarli o‘sishga erishgan va o‘tgan yilgi 9-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilgan.  
Gretsiya va Bolgariya so‘nggi o‘rinlarni egallab turibdi. Umuman reytingda 19ta investitsiya dasturi tahlil qilingan. 

2016 yilning «Sarmoyalar vositasida fuqarolik» reytingini Malta boshqarmoqda. Mamlakat hukumati 1 mln yevro evaziga YeI pasportini taqdim etadi. Umuman, reytingdagi o‘rinlar sezilarli o‘zgarmagan. Faqatgina Antigua va Barbuda Avstriyani ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu ro‘yxatda shuningdek, yangi a'zo ham paydo bo‘ldi. Karib dengizi mamlakati Sent-Lyusiya yettinchi o‘rinni egallagan. O‘tgan yildagi kabi reytingning o‘ninchi o‘rniga Dominika munosib ko‘rilgan.

Henley & Partners reytinglarini tuzishda Thomson Reuters, Knight Frank, The Economist Intelligence Unit, Baker & McKenzie, Fragomen LLP kabi firmalarning tahlilchilari qatnashgan. Bundan tashqari sarmoyadorlar va turli davlat arboblarining fikri o‘rganilgan. 
 

Top