16:47 / 09.11.2016
36194

AQShning yangi kuziri: Donald Tramp

Foto: Getty Images

Milliarder Donald Tramp AQSh prezidentlik saylovida g‘olib bo‘ldi. U bu lavozimga bir yilgina kurash olib borgani yo‘q. Milliarder ilk bora prezident bo‘lish orzusi xususida 30 yil muqaddam e'lon qilgan edi. 1999 yilda esa Islohotlar partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surdi, 2012 yilda Respublikachilar partiyasi nomzodlaridan biri bo‘ldi. 

U ikki marta ham praymerizning birinchi bosqichidayoq nomzodini qaytarib olgan. 2015 yil dekabr oyida Bloomberg agentligi Tramp "qora oqqush" sifatida g‘alaba qozonishi mumkinligini taxmin qilgan edi. 2016 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda bu taxmin o‘zini oqladi va tadbirkor Amerika tarixidagi ilk ayol prezident bo‘lish uchun kurashgan Hillari Klintonni dog‘da qoldirdi. U "qachonlardir hukmronlik qilgan eng buyuk prezident bo‘lishini ta'kidlab kelgan". 

Tramp 1946 yil 14 iyunda millioner Fred Tramp oilasida dunyoga kelgan. U ota tomonidan nemis, ona tomonidan shotlandlar avlodi vakilidir. Tramp 1959-1964 yillarda Nyu-York harbiy akademiyasida tahsil olgan, 1964-1966 yillarda Fordem universitetida tahsilni davom ettirgan. So‘ngra, Pensilvaniya universiteti Uorton biznes maktabiga o‘tib, shu yerda iqtisod fanlari bakalavri darajasini olgan. 

Donald Tramp va uning otasi 1987 yil

AQShning 45-prezidenti 1968 yilda otasining Elizabeth Trump & Son qurilish kompaniyasida mehnat faoliyatini boshlagan. 1971 yilda oilaviy kompaniyaning nazorat paketini qo‘lga kiritgan va uni Trump Organization deya qayta nomlagan. 

Nyu York Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha agentlik boshqarmasi rahbari bilan, 1976 yil

Donald Tramp 2015 yil oktabrida o‘z boyligini 10 mlrd dollarga baholagan va yillik daromadi 400 mln dollarni tashkil etishini aytgan. Biroq, Forbes jurnali uning boyligini 4,1 mlrd dollar atrofida deya taxmin qilgan. Bloomberg agentligi esa, umuman 2,9 mlrd dollar ekanini ta'kidlagan.

1980 yillarda u o‘zini o‘yin biznesida sinab ko‘rishga qaror qilib, Atlantik Siti shahrida bir necha kazinolarni xarid qilgan. Xususan, Trump Plaza Hotel & Casino va Taj Mahal mehmonxona-kazinolarni sotib olgan. Kazinolardan tashqari, AQSh va boshqa mamlakatlardagi obro‘li golf maydonlari, golf-kurortlari va sayyohlik maskanlari unga tegishlidir. 

"Trump" so‘zi o‘zbek tiliga tarjima qilinganida, "kuzir" ma'nosini anglatadi. Shunga ko‘ra, Donald Tramp omad keltiruvchi ismi-sharifidan faxrlanishini ta'kidlab keladi. U o‘z familiyasini muvaffaqiyatli brendga aylantira oldi va uning yordamida boyligining salkam uchdan birini to‘pladi. Bugungi kunda, Trump so‘zi bilan bog‘liq ikki yuzdan ortiq savdo belgisi mavjud. 

Uning hayotdagi asosiy qoidasi esa, “hammasini o‘zing bajar va nazorat qil, erishgan natijangda to‘xtab qolma”, shioridir. Trampni yaqindan bilganlarning so‘zlariga ko‘ra, maqsadi tomon charchamay ishlaydigan mehnatsevar inson. Donald Tramp, akasi Fredning o‘limiga ichkilik va tamaki chekish sabab bo‘lgani bois, bu ishlardan umuman yiroq. 

Ta'kidlash joizki, Donald Tramp o‘ndan ortiq kitoblar muallifidir. "Kelishuvga erishish san'ati" (1987); "Qanday qilib boy bo‘lish mumkin" (2004); "Cho‘qqi sari yo‘l: biznesni yuritish bo‘yicha mening eng yaxshi maslahatim" (2004); "Tramp hech qachon mag‘lub bo‘lmaydi: katta muammolarimni muvaffaqiyatga aylantirganim haqida" (2008) kabilar shular jumlasidan.

Milliarder tadbirkor, shuningdek, bir necha filmlarda ham suratga tushgani uchun "Emmi" mukofoti uchun nomzodi qo‘yilgan. Uni "Beverli-Hillzlik shahzoda", "Uyda yolg‘iz 2", "Hayotimiz kunlari", "Enaga" kabi filmlarda ko‘rish mumkin.

Donald Tramp 12 yil mobaynida NBC The Celebrity Apprentice realiti-shousi prodyuseri va boshlovchisi ham bo‘ldi. Aynan shu loyiha tufayli Trampga Hollivudning Shon-sharaf xiyobonida yulduz o‘rnatilgandi. 

Donald Tramp 1977 yilda Ivana Zelnichkovaga uylangan, undan - Donald, Ivanka va Erika ismli farzandlari bor. 1993 yilda ular ajrashishgan.

Shundan so‘ng, Tramp aktrisa va prodyuser Marla Meyplz bilan oila quradi. 6 yil davom etgan bu nikohidan qizi Tiffani Ariana dunyoga kelgan. 

Donald Tramp va uning oilasi 2015 yil

2005 yilda Donald Tramp uchinchi marotaba sloveniyalik sobiq fotomodel Melane Knausga uylangan. 2006 yilda ularning Berron Uilyam ismli o‘g‘li dunyoga keldi.

Mavzuga oid
Top