09:30 / 11.11.2016
8346

AQSh hukumati Tramp binosi ustidan parvozsiz hududni kiritdi

Foto: © EPA/JASON SZENES

AQShning Federal aviatsiya boshqarmasi AQShning yangi prezidenti etib saylangan  Donald Trampning bosh qarorgohi joylashgan Trump Tower binosi ustidan parvozsiz hududni kiritdi. Bu haqda boshqarmaning 10 noyabrda chop etilgan bayonotida aytilgan.

Bino Manxetten tumanida joylashgan. Parvozsiz hudud radiusi 3,5 km ga yaqinni tashkil qiladi. Bu hudud ichida 5550 metrdan past balandlikda boshqariluvchi va uchuvchisiz parvoz qurilmalarining parvozlari taqiqlanadi. Faqatgina harbiy, favqulodda xizmatlar va davlatning birinchi shaxslari, shuningdek Trampning samolyotlari uchun uchishga ruxsat beriladi.

Xuddi shunday choralar vitse-prezident etib saylangan, Indiana shtati gubernatori Maykl Pens qarorgohi ustida ham ko‘rilgan. Parvozlarga taqiqlov Tramp o‘zining yangi lavozimiga rasman kirishadigan kunning ertasiga, ya'ni 2017 yil 21 yanvarda bekor qilinadi. Ma'lum qilinishicha, qoidabuzarlarga nisbatan harbiy aviatsiya qo‘llashgacha choralar ko‘rilishi mumkin.

AQShning prezidenti etib saylangan shaxslarning qarorgohlari ustidan parvozsiz hududlarning kiritilishi oddiy hol hisoblanadi.

 

Mavzuga oid
Top