18:04 / 11.11.2016
28653

Ummonlik baliqchilar 3 million dollarlik ambra bo‘lagini topishdi

Foto: indianexpress.com

Ummonlik uch nafar baliqchi 80 kilogramm vaznga ega ulkan ambra bo‘lagini to‘rga tushirishdi. Mazkur topilma deyarli 3 million dollarga baholanadi. Bu haqida mahalliy Times of Oman gazetasi xabar berdi. Bu voqea Ummondagi Kurayat baliqchilar qishlog‘i qirg‘og‘ida sodir bo‘lgan.

Parfyumeriyada ambraga bo‘lgan talab katta, u hidning uzoq muddat saqlanib turishini ham ta'minlaydi. Sifatiga qarab, ambraning bir grammi 2-35 dollarga baholanadi. Bu noyob va qimmatbaho tabiiy mahsulotni faqat erkak kashalotlarning ovqat hazm qilish traktidan topish mumkin. Ambra kit ovi yoki dengizga uloqtirilgan bo‘laklarni yig‘ib olish orqali olinadi. Yangi ambra fekal iforga ega, biroq dengiz suvi ta'siri ostida u asta-sekin shirin hidga o‘zgaradi. 

"Menga ambraning hidi yomonligi haqida avval ham aytishgandi, lekin ikki kundan keyin uning hidi yoqimli iforga o‘zgardi. Biz xursand bo‘lib, qirg‘oqqa shoshdik", - deydi baliqchilardan biri Hadid As-Sinoiy.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ambra kitlarning organizmidan hazm qilinmagan yeguliklarning qoldiqlarini chiqarib tashlash uchun xizmat qiladi. Ambra bo‘lagi yetarlicha kattalashganda organizmdan chiqarib tashlanadi va dengiz sathida suzib yuradi. Baliqchilar ambrani aynan shunday holatda topishgan. 
 

Top