12:43 / 11.11.2016
33669

O‘zbekistonda yangi elektr uzatish liniyasi qurilishi boshlandi

Foto: nb.kz

«O‘zbekenergo» AJ O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismida «220 kV li Taxiatosh IES — Xorazm nimstansiyasi — Sarimoy aholi yashash joyi (Xorazm viloyati) elektr uzatish liniyasi qurilishi» loyihasi doirasida yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘i qurilishini boshladi. Bu haqda «O‘zbekenergo» saytida xabar berilgan.

Kompaniya saytida xabar qilinishicha, texnologik uskunalarning birinchi partiyasini xarid qilish bo‘yicha xalqaro tender e'lon qilindi. Takliflar 2017 yil 11 yanvarga qadar qabul qilinadi. Tanlov yakunlari kelgusi yilning birinchi choragida e'lon qilinishi mumkin.

Taxiatosh IES hamda «Xorazm» va «Ellikqal'a» nimstansiyalarini o‘zaro bog‘lovchi 364 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi elektr energiyasi oqimini shimoli-g‘arbiy energouzeldan nisbatan taqchil bo‘lgan mamlakat janubidagi Samarqand-Buxoro va Surxondaryo uzellariga yanada ko‘proq yetkazishga imkon tug‘diradi. Loyiha Osiyo taraqqiyot bankining 150 million dollar miqdoridagi krediti hamda O‘zbekiston tomoni mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, bu loyiha qiymati 225 mln dollarni tashkil qiladi.

Loyiha eski bloklarini foydalanishdan chiqarib, quvvati 230−280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz uskunasi (BGU) qurilishini ko‘zda tutgan Taxiatosh IES modernizatsiyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi. Loyihani 2020 yil so‘ngiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston elektr energiyasi tarmog‘ida 45 elektrostansiya mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 12,5 ming MVtni tashkil qiladi. Ushbu quvvatning 12,1 ming MVti «O‘zbekenergo» tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan, qolganlari esa kichik avtonom yoki gidroelektrostansiyalar tomonidan ishlab chiqariladi.

Top