19:22 / 14.11.2016
6201

Hindistonda o‘tgan VIII jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari 9 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi

Illyustrativ surat

Hindistonning Kochchi shahrida yigirma yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasida kurash bo‘yicha VIII jahon chempionati o‘tkazildi. Nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli qatnashgan o‘zbekistonlik polvonlar 9 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda dunyoning ellikdan ziyod mamlakatidan besh yuzga yaqin sportchi 15 vazn toifasida g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.

Chempionatda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Ruslan Bo‘riyev, Shahram Ahadov, Rahmatullo Nuriddinbekov, Husniddin Husanov, Bekmurod Oltiboyev, Rahima va Mahliyoxon Yo‘ldoshevalar, Muxlisa Abdumalikova, Umidaxon Mirhamidova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

Abdulaziz Hamroyev, Sadam Ahmetov, Sarvar Ikromov kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Ro‘zimboy Eshjonov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Chempionatda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi "eng yaxshi jamoa", deb tan olingan bo‘lsa, Bekmurod Oltiboyev "eng yaxshi kurashchi", deb e'lon qilindi.

Shuningdek, Kurash xalqaro assotsiatsiyasining XVI kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir tashkil etish haqida O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev tomonidan berilgan taklif ishtirokchilar tomonidan ma'qullandi. Mazkur turnir birinchi marta 2017 yil Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

AQSh, Shveytsariya, Kamerun va Nepal kurash federatsiyalari assotsiatsiyaga a'zolikka qabul qilindi.

 

Top