21:42 / 17.11.2016
6945

Fransiya 26 yil o‘tib "Sharl de Goll 2" aviatashuvchi kemasini qurmoqchi

Foto: © wikimedia.org

Fransiya mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian yaqinda Fransiya harbiy-dengiz kuchlari ikkinchi aviatashuvchi kemaga ega bo‘lishi kerakligini aytdi. Texnik jihatdan kemani qurishga 1980 yilda qaror qilingan. O‘shanda Fransiya ikkita aviatashuvchi kema qurmoqchi bo‘lgan, biroq mablag‘larning cheklanganligi faqatgina "Sharl de Goll" deb nomlangan bitta aviatashuvchi kemani qurishga imkon bergan, deb xabar bermoqda bmpd.livejournal.com.

Fransiya yangi kemaning suv sig‘imdorligi avvalgisidan (42500 tonna) kattaroq bo‘lishini istamoqda. Bu qaror xavfsizlik va kemalarni zirhlashga talablar o‘zgargani bilan shartlangan. Hozircha kemaga o‘rnatiladigan dvigatel turi bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagan: u avvalgi kemadagidek atom bo‘ladimi yoki yo‘qmi – hozircha noma'lum.

Yana bir hal qilinmay qolayotgan savol shundan iboratki, yangi kemada bug‘ katapultalaridan foydalanish kerakmi yoki AQSh armiyasi kabi elektromagnit katapultalardanmi?  Elektromagnit katapultalar ishlatiladigan bo‘lsa, unda kuchliroq elektrogeneratsiya o‘rnatilishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, kemaning narxi borasidagi masala ham hal qilinmagan. Mutaxassislar kema qurilishini 4 mlrd dollarga baholamoqdalar. Fransiya bu narxni kamaytirish uchun parallel ravishda quriladigan yana bitta shunday kemaga xaridor topishga urinishi mumkin.

"Sharl de Goll" kemasi 14 yil davomida qurilgan va uning qurilishi 3,3 mlrd dollarga aylangan. Kema ishga tushirilgandan keyinoq "suzuvchi ofat" deb nom olgan, chunki u jangovar vazifalarni bajarishdan ko‘ra ko‘proq ta'mirlash doklarida turgan. Kema goh parragini yo‘qotib qo‘yar, gohi reaktori ishdan chiqib qolar edi, unda xizmat qilgan matroslar esa avariyalar tufayli mumkin bo‘lgan radiatsiya miqdoridan 5 karra ko‘proq dozada radiatsiya olishgan.

 

Top