22:14 / 18.11.2016
8395

Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi

17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida “Fuqarolar saylov huquqlari ishonchli himoyasini ta'minlashning qonunchiligi va amaliyoti: O‘zbekiston hamda Germaniya tajribasi” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan mazkur davra suhbatida Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, jamoat tashkilotlari vakillari, huquqshunos-olimlar, germaniyalik siyosatshunoslar, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti ekspertlari qatnashdi. Anjumanda, shuningdek, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi kuzatuvchilari ham ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilari fuqarolar saylov huquqlarining ishonchli himoyasini ta'minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, fuqarolarning saylash erkinligi hamda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini amalga oshirishning huquqiy kafolatlari borasidagi milliy hamda xorijiy tajribani ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi izchil modernizatsiya qilinishi natijasida fuqarolarning saylov huquqi va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha eng yuqori xalqaro demokratik tamoyil hamda standartlarga javob beradigan samarali huquqiy asos yaratilgani alohida ta'kidlandi. Huquqiy himoya choralari fuqarolarning murojaatlarini sud bilan bog‘liq bo‘lmagan hamda sud jarayonida mustaqil, shaffof va xolis ko‘rib chiqish vositalari majmuini o‘z ichiga oladi.

Mamlakatimiz qonunchiligida bu turdagi murojaatlarni ko‘rib chiqishga doir huquqiy tartib-taomillar aniq tartibga solingan. Jumladan, murojaat qilish tartibi hamda muddatining bir xilligi, ularni tegishli organlar tomonidan o‘z vaqtida, ochiq va transparentlik tamoyillari asosida ko‘rib chiqish, saylov komissiyalari qarorlarini sud hokimiyati tomonidan qayta ko‘rib chiqish imkoniyati ko‘zda tutiladi.

Har bir fuqaroga ro‘yxatga kiritilmaganlik, noto‘g‘ri kiritilganlik yoki ro‘yxatdan chiqarilganlik yuzasidan, shuningdek, ro‘yxatda saylovchi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rsatishda noaniqlikka yo‘l qo‘yilganlik xususida shikoyat qilish huquqi beriladi. Bu masalaga doir ariza uchastka saylov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi, arizani uchastka saylov komissiyasi kechi bilan yigirma to‘rt soat ichida, saylov arafasida va saylov kuni esa darhol ko‘rib chiqishi shart.

Komissiya qarori ustidan tuman (shahar) sudiga saylovdan kechi bilan uch kun oldin shikoyat qilinishi mumkin, tuman (shahar) sudi shikoyatni yigirma to‘rt soat ichida ko‘rib chiqishga majbur.

Qolaversa, uchastka saylov komissiyalari qarori va xatti-harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi saylov komissiyalariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat etish mumkin. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, bunday murojaatlar Oliy sudga kelib tushgan kundan boshlab uch kun davomida, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa – darhol ko‘rib chiqilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida saylov qonunchiligini buzish holatlari bo‘yicha javobgarlik choralari belgilangan. Xususan, saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini bajarmaslik, nomzod, ishonchli vakil, kuzatuvchi yoki siyosiy partiya vakolatli vakili huquqlarini buzish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida axborot hamda targ‘ibot materiallarini qasddan yo‘q qilish yoki ularga shikast yetkazish, jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalari, saylov natijalarini taxmin qilishni chop etish (e'lon qilish) tartibiga amal qilmaslik va boshqalar uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Ushbu yo‘nalishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov va referendumlarni tashkil qilish va o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma'muriy ish yuritishni rasmiylashtirish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqilib, 2016 yil 7 oktabr kuni tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Markaziy hamda okrug saylov komissiyalari a'zolari tegishli protokollarni tuzishi va huquqbuzarlik turiga qarab ularni sud yoki prokuratura organlariga yuborishi mumkin.

– Prezident saylovi mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqea, – deydi Ombudsman kotibiyati xodimi

D. Muratova. – Shuning uchun fuqarolar saylov huquqlari ishonchli himoyasini ta'minlash juda muhimdir. Biz ushbu jarayonga faol kirishdik. Ombudsman tomonidan saylovchilar huquqiy madaniyati hamda elektoral faolligini yuksaltirish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlash bo‘yicha asosiy tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda fuqarolarning, avvalambor, imkoniyati cheklangan kishilar, xotin-qizlar, turli millat va elatlar vakillari, vaqtincha qamoqda saqlash joylarida bo‘lgan shaxslarning saylov jarayonidagi faolligini kuchaytirish, fuqarolarning saylov huquqlari erkin amalga oshirilishiga monelik qilish holatlarini monitoring qilish hamda tezkor choralar ko‘rish kabi masalalar qamrab olingan.

– O‘zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada o‘tkazish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi huquqshunos, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma eksperti X. Byuller. – Ushbu siyosiy tadbirga qizg‘in va puxta hozirlik haqida xorijdagi ommaviy axborot vositalari muntazam axborot berib borayapti. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida nemis ilmiy doiralari vakillari, huquqshunoslari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish hamda qo‘shimchalar, saylov kampaniyasining barcha bosqichi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar faoliyati haqida batafsil ma'lumot berishdi. Ushbu siyosiy tadbirga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari yuksak e'tirofga loyiq. Davra suhbatida Germaniyada saylovlar va umumxalq ovoz berishining qonuniy asoslari haqida ma'ruza qildim. Umuman aytganda, bizning saylovga oid qonunlarimiz o‘zaro o‘xshashdir. Ularda saylovlarning asosiy demokratik tamoyillari aks ettirilgan.

– Shu kunlarda O‘zbekistonda muhim siyosiy tadbirga – Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, – deydi Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mintaqaviy vakolatli vakili T. Kuntse. – Mamlakatingiz xalq uchun g‘oyat muhim bo‘lgan bunday tadbirni tashkil qilish bo‘yicha ijobiy tajriba to‘plagan. Shuningdek, qonunchilik asoslarini takomillashtirishga hamda Prezidentlikka nomzodlarning saylovchilar bilan muloqotiga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlashni istardim. Joylarda uchrashuvlar videokonferensiya shaklida o‘tkazilayotgani aholining keng qatlamini qamrab olish imkonini bermoqda. Barcha nomzodga teng sharoit yaratib berilgan.

– Germaniyada saylov kampaniyasi uchun asos bo‘lgan bir qator majburiy tamoyillar mavjud, – deydi Saksoniya federal yeri Landtagi ilmiy xodimi, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma eksperti R. Falkner o‘z ma'ruzasida. – Saylovlar erkin, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yashirin ovoz berish yo‘li bilan umumxalq ishtirokida o‘tkazilishi kerak. Germaniyada saylov huquqini amalga oshirishning amaliy jihatlari haqidagi ma'ruzamda davlatimizning ushbu masaladagi qarashlarini so‘zlab berdim. O‘zbekistonda ham Germaniya intiladigan ikkita umumiy tamoyil bor. Bu saylovlarni tashkil qilish doirasida tegishli chora-tadbirlarning oshkoraligi va mas'ulligidir.

Davra suhbati qatnashchilari tomonidan qayd etilganidek, bu borada saylov jarayoni ishtirokchilarining yuksak huquqiy madaniyati saylov qonunchiligi buzilishining oldini olish hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilishning muhim sharti hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu yo‘nalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, saylov kampaniyasi boshlangandan buyon

37 mingdan ziyod targ‘ibot tadbirlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida 10 mingdan ziyod chiqishlar, 27 mingdan ortiq konferensiya, davra suhbati, seminar, trening va uchrashuvlar tashkil etildi.

Fuqarolar saylov huquqlarini ta'minlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar hamda jamoat tashkilotlari alohida o‘rin tutadi. Bu borada Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Nogironlar jamiyati, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va boshqa tashkilotlar faol ish olib bormoqda. Bu sa'y-harakatlar, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini mamlakatimiz saylov qonunchiligining demokratik qoidalariga to‘liq rioya etgan holda o‘tkazishga, fuqarolarning umumiy hamda teng saylovlarda xohish-irodasini erkin bildirishiga oid huquqlarini samarali ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Germaniyalik ekspertlar O‘zbekiston va Germaniya hamda boshqa mamlakatlar saylov tizimlarini taqqoslab, demokratik saylovlarning umume'tirof etilgan tamoyil va standartlari, Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro pakt, Insoniylik mezonlari bo‘yicha Kopengagen kengashi hujjati qoidalari mamlakatimiz saylov qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilinganini, ular hayotga samarali tatbiq etilayotganini ta'kidlashdi.

Tadbir amaliy muloqot hamda fikr almashish ruhida o‘tdi.

Top