18:21 / 18.11.2016
5030

«Lokomotiv» chempion sifatidagi ilk o‘yinida «Metallurg» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi

Foto: Lokomotiv klubi matbuot xizmati

O‘zbekiston chempionligini muddatidan oldin rasmiylashtirgan «Lokomotiv» Oliy liganing 29-turi doirasida «Metallurg»ni qabul qildi. 

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida tashkil etilgan chiroyli kombinatsiya natijasida mezbonlar vakili Oleg Zoteyev darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi va imkoniyatdan samarali foydalandi - 1:0.

36-daqiqada Sadriddin Abdullayev tomonidan 16 metrlardan yo‘llangan zarbani Suhrob Sultonov qaytara olmadi - 2:0. 

Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan Marat Bikmayev darvozabonning xatosidan keyin yaqin masofadan turib darvozani ishg‘ol qildi - 3:0. 

Bahs tugashiga 3 daqiqa qolganida Oliy liga-2016 to‘purari bo‘lib turgan Temurxo‘ja Abduxoliqov qarshi hujumda markaziy himoyachini aldab o‘tdi va kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi - 4:0.

To‘purarlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda borayotgan Zohid Abdullayev ham o‘z hisobiga bitta gol yozdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda himoyachilarning xatosidan foydalangan mavsumdagi 18-golni urishga muvaffaq bo‘ldi - 4:1. 

Shu tariqa, toshkentliklar chempionlikdan keyingi ilk o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonishdi. O‘yindan keyin «Lokomotiv»ni chempionlik bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Kubokni O‘zPFL bosh direktori Farhod Magametov topshirdi. 

«Lokomotiv» - «Metallurg» - 4:1
Gollar: Oleg Zoteyev (24), Sadriddin Abdullayev (36), Marat Bikmayev (69), Temurxo‘ja Abduxoliqov (88) — Zohid Abdullayev (90+2)
Chetlatish: Ikrom Aliboyev (90)
Lokomotiv: 12.Ma'mur Ikromov, 4.Bobur Yo‘ldoshev, 5.Kaxi Maxaradze, 7.Sadriddin Abdullayev (Sanjar Shoahmedov 59), 11.Temurxo‘ja Abduxoliqov, 13.Nemanya Yanichich, 17.Salim Mustafoyev (Sherzod Fayziyev 70), 18.Temur Kapadze, 28.Ikrom Aliboyev, 33.Oleg Zoteyev, 71.Artur Gevorkyan (Marat Bikmayev 52)
Metallurg: 32.Suhrob Sultonov, 4.Hikmat Hoshimov, 6.Dilmurod Karimov (Muhammadodil Qahramonov 62), 7.Doniyor Odilov, 8.Ayubxon No‘'monov (Farhod Namozov 71), 13.Javohir Esonqulov, 14.Davron Karimqulov, 15.Zohid Abdullayev, 17.Mirg‘iyos Sulaymonov, 22.Murodjon Toshmatov, 70.Jahongir Abdumo‘minov (Ergash Ismoilov 76).

Top