19:35 / 18.11.2016
25179

Plastik kartochkali “g‘alati odam”ning boshidan kechirganlari (o‘tkir hajviya)

Tashqarida XXI asrning 16-yili. Taraqqiylashmagan narsa qolmadi deyarli. Inson hayotiga nimaiki, zarur bo‘lsa, barchasi texnologiyaning eng so‘nggi yutug‘i bilan boyitilgan va bu narsa hamon shiddat bilan davom etmoqda.

Shu jumladan, turli soha yo‘nalishlarida ham inson manfaatini ko‘zlovchi, uning hayotini yengillashtiruvchi va unga xizmat qiluvchi qator yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.

Eh, qanday yaxshi. Juda dorilomon kunlarda yashayapmiz, degan o‘yda ishxonaga kirib boraman. Kayfiyatim a'lo, buning ustiga bugun ishxonadagilar bilan futbol o‘yini ham bor ekan. Nur ustiga a'lo nur...
“Shoshma, shoshma”,deyman o‘zimga o‘zim. Axir futbolda kiyish uchun butsam yo‘q-ku. Ha, mayli, hech qisi yo‘q. O‘tgan kuni maosh berishgan. Hali ishlatib ulgurmadim. Shu bahonada bir butsalik bo‘lib olaman.

Yaxshi niyat yarim mol deyishganidek, niyatim xolis ekan shekilli, rahbarimiz o‘z mashinalarida meni do‘konga olib boradigan va shaxsan o‘zlari menga eng zo‘r butsa tanlab beradigan bo‘ldilar. Yuzimizdagi jiddiylikni yig‘ishtirib qo‘ydik-da, o‘pkamizni chuqur havoga to‘ldirib, Toshkentdagi “Dinamo” sport tovarlari sotiladigan do‘konga tashrif buyurdik.

Ana sizga sport tovarlari-yu, mana sizga yangiliklar. Ko‘zing shoshadi. Qay birini olsam ekan, deb vasvasaga tushasan. Xullas, apil-tapil bir butsani tanlab, narxini savdolashib, do‘kon egasiga qarata ichida bir oylik mehnat terim jamlangan plastik kartochkani uzataman.
Ana shunda...
Ana shunda quyosh boshim uzra dumalagandek, do‘kondagi tovarlar qo‘rqinchli maxluqlar qiyofasida menga irjayayotgandek, butsalar o‘zlari yurib, do‘kon tashqarisiga chiqib ketishayotgandek, xullas, o‘zga sayyoraga tushib qolgandek bo‘laman.
“Bizda plastik o‘tmaydi”...
Katta bir musht chakkamga kelib tushgan misol, biroz gandiraklab ketaman, boshim lo‘qillaydi. Ko‘zlarim qarog‘i kattalashib, so‘rayman?

“Nega?”

“Bular naqd pulga kelgan. Agar plastikka savdo qilsangiz, chegirmalar bo‘lmaydi, qaytanga ustiga foiz qo‘shib berasiz”...
Rahbarimga qarayman. Uning ko‘zlarida “Bir oylik mehnatiningni plastikka tushirib berganim uchun meni kechir. Ozib-yozib o‘zinga bir nima sotib olmoqchi bo‘lganingda sho‘ring qurib, holinga maymunlar yig‘lamoqda”, degan ma'noni ko‘raman.

Ikkita butsaning puliga bitta butsa sotib olib ko‘chaga chiqaman. Badanimga quyosh tegib, o‘zimga kelaman. Menda na futbol o‘ynashga ishtiyoq, va na ishlashga xohish qolgan edi. Butsa solingan yelim paketni shildiratgancha, boshim engan tomon sudralaman...
Kulgili shundaymi? Bu bo‘lib o‘tgan voqea, u shunchaki hajv bilan boyitildi. Chunki bu mavzuda jiddiy maqolalar chunonam yozildiki, ulardan kichikroq bir kutubxona paydo qilsa bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Shuning uchun o‘z ustimdan o‘zim kulgandek, mana shu holatda bayon qildim.

Bir tanishim oyligi tushgani uchun onasiga qandaydir maishiy texnika sotib olib beraman deb uyatga qolganini eshitdim. Farzand o‘z maoshidan onasiga sovg‘a olib bera olmayapti. Sabab?
-do‘konlarda plastik kartochka o‘tmaydi;
-o‘tadiganlarida ham narx-navo bir baravar ko‘tariladi.

Xullas kalom, plastik kartochkangizdagi pulga muzlatgich olmoqchi bo‘lsangiz, ikkitasining pulini solib boravering. Buning uchun qancha ishlaysiz, necha kun ovqatlanmaysiz bu yog‘i sizning muammoingiz.

Yoki gaplarim noto‘g‘rimi? 

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid
Top