10:43 / 21.11.2016
3586

«O‘zbekistonda saylov jarayonlari ochiqligi va oshkoraligi ta'minlashning huquqiy mexanizmlari yaratilgan»

Oldinda turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi, shuningdek, mamlakatimiz saylov tizimidagi o‘ziga xosliklar Xitoy ommaviy axborot vositalarida ham o‘z aksini topmoqda.

Masalan, The Paper (Pengpai News) Shanxay xalqaro press-byurosi tarqatgan maqolada davlatning oliy lavozimiga har bir nomzodning saylovoldi dasturida respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ko‘zda tutilgani qayd etilgan.

Muallif - xalqaro press-byuro bosh muharriri va direktori Vu Ting mazkur maqolada saylovni shaffoflik, adolat va ochiqlik tamoyillari asosida o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ham atroflicha qalamga olgan. 

“Saylovoldi kampaniyasiga doir materiallar ommaviy axborot vositalarida turli tillarda yoritilmoqda, saylov bilan bog'liq faoliyat qat'iyan milliy qonunchilikka muvofiq holda amalga oshirilmoqda”, deb yozadi u. 

Vu Ting Ma'muriy javobgarlik to‘g'risidagi Kodeksga saylov va referendumga aloqador yangi me'yorlar kiritilgani haqida to‘xtalar ekan, qonunchilikdagi mazkur o‘zgartirishlar saylov erkinligi tamoyilini to‘laqonli amalga oshirish, milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish hamda ochiqlik va oshkoralikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidlaydi.

Xitoyning «Dunfan Szabao» (“Sharq tongi”) gazetasida bosilib chiqqan maqolada ham O‘zbekistondagi huquqiy zamin xususida atroflicha fikr yuritilgan.

Jurnalist Vey Sin qalamiga mansub ushbu maqolada respublikamiz milliy qonunchiligi xalqaro me'yor va tamoyillarga muvofiq ravishda fuqarolarning o‘z xohish-irodalarini erkin ifoda etishlarini ta'minlashi qayd qilingan. Muallif mamlakatimizda butun saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashning mexanizmlari yaratilganini alohida qayd etadi.

“Respublikada saylov komissiyalari mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadi. Ularning davlat hokimiyati idoralari, jamoatchilik birlashmalari, siyosiy partiyalar va mansabdor kishilardan mustaqil ish olib borishi saylovlarni adolatli o‘tkazish nuqtai nazaridan juda muhim ahamiyatga egadir.

Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar ijrosi okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, korxona, tashkilot va muassasalar uchun majburiydir. Saylov komissiyalari o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarni bajarmagan mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortiladi”, deb yozadi nashr. 

Xitoylik jurnalist o‘quvchilarga ma'lum qilganidek, saylov jarayonining ishtirokchilari hisoblanadigan deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish ham milliy qonunchilikda ma'muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Maqolada saylovga oid qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi me'yorlar xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillariga asoslangan va rivojlangan demokratik davlatlarning qonunchilik amaliyoti hamda tajribasiga mos kelishi alohida ta'kidlangan.

“Jahon” AA,

Shanxay

Top