17:37 / 22.11.2016
5560

YeChL anonsi. G guruhi. Ikkinchi yo‘llanma uchun «jang»

«Lester» keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lgach, G guruhida faqatgina ikkinchi yo‘llanmani qo‘lga kiritadigan jamoani aniqlash masalasi ochiq qoldi. Yo‘llanma uchun kurash olib boradigan ikki jamoa aynan shu turda Daniya poytaxtida kuch sinashadi.

Turnir jadvali. Hozircha «Lester» keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘lsada, guruhda birinchi o‘rinni kim egallashi masalasi ochiqligicha qolmoqda. 4 turdan keyin «Lester» hisobida 10 ochko mavjud. Ikkinchi o‘rinda borayotgan «Portu» hisobida 7, «Kopengagen»da 5 ochko bor. «Bryugge» esa barcha uchrashuvlarda imkoniyatni boy berib Yevropa ligasi uchun beriladigan imkoniyatdan ham deyarli mahrum bo‘lib ulgurdi. 

Lester – Bryugge (00:45, Match! Nash sport)

«Lester» yuqorida to‘xtalib o‘tgan masalaga bugunning o‘zida nuqta qo‘yishi mumkin. Deyarli barcha imkoniyatlaridan ayrilib bo‘lgan Belgiya chempioniga qarshi o‘yinda «Lester» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqish masalasini hal qiladi. Birinchi davradagi uchrashuvda mehmonda yirik hisobda g‘alaba qozongan jamoadan o‘z uyida boshqacha natija kutish ham noto‘g‘ri.

O‘yindan oldin. Angliya chempionlar ligasidagi «Lester» bilan YeChLdagi jamoa bir-biridan xuddi yer bilan osmonchalik farq qilmoqda. Ketma-ket ikki turda Raneri shogirdlari kuchli sanalmagan jamoalarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va jadvalning 14-pog‘onasiga qadar tushib ketdi. Biroq YeChLda hozircha jamoa mag‘lubiyat tugul o‘z darvozasidan birorta ham to‘p olib chiqqani yo‘q. «Bryugge» esa chempionatdagi ikkita ket-ket durangdan so‘ng o‘tgan hafta nihoyat zafar quchdi. «Sent-Tryuyden» mehmoni bo‘lgan jamoa kichik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Taxminiy tarkiblar
Lester: 
Shmeyxel, Ernandes, Morgan, Xut, Fuks, Mahrez, Amarti, Drinkuoter, Slimani, Vardi, Musa.
Bryugge: Byutel, Kols, Pulen, Densvil, van Reyn, Vormer, Pina, Klaudemir, Bolingoli-Mbombo, Limbombe, 46, Uesli.

Imkoniyatlar. Bukmekerlar birinchi uchrashuv natijasidan kelib chiqib «Lester»ga ustunlikni taqdim qilishmoqda. Koeffitsiyentlar 1.50-1.65 stavka oralig‘ida ekanini ko‘rish mumkin. «Bryugge» g‘alabasi uchun koeffitsiyent 5,0dan 6,5gacha ko‘rinishda aks etmoqda.

Kopengagen – Portu (00:45, Match! Arena)

Portugaliyada bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvda qayd etilgan durang natija bugungacha Daniya klubiga pley-off yo‘llanmasi uchun umid berib turibdi. «Kopengagen» uch ochkoni qo‘lga kirita olsa, so‘nggi turda autsayderga qarshi o‘yindan oldin juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib olishi mumkin. «Portu»dan esa dastlabki o‘yindagi xatolarini takrorlamasligi talab etiladi.

O‘yin oldidan. Ikki turdirki «Portu» mamlakat chempionatida g‘alaba qozona olmayapti. Jamoa o‘tgan haftada Portugaliya kubogi uchun bahslarda kamtarona «Shavish» klubiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib musobaqa bilan xayrlashdi. «Kopengagen» esa chempionatda oxirgi to‘rtta uchrashuvda g‘alaba qozondi. Eng yaqin ta'qibchisini 9 ochkoga ortda qoldirgan holda peshqadamlik qilmoqda. Jamoa bemalol bor e'tiborini YeChLga qaratsa bo‘ladi.

Taxminiy tarkiblar:
Kopengagen: 
Olsen, Ankersen, Yorgensen, Yuxansson, Augustinsson, Falk, Kvist, Dileyni, Verbich, Santander, Kornelius.
Portu: Kasilyas, Pereyra, Felipe, Markano, Telles, Danilu Pereyra, Errera, Oliver Torres, Layyun, Andre Silva, Diogu Jota.

Imkoniyatlar. Portugaliyadagi durang natijaga qaramay, bukmekerlik idoralari ko‘proq, «Portu» g‘alabasiga ishonishmoqda.  Mehmonlar g‘alabasi uchun 2,60-2,70 koeffitsiyent berilayotgan bo‘lsa, «Kopengagen» g‘alabasiga 3,50-3,65gacha bo‘lgan stavkalar berilgan.

Top