18:43 / 22.11.2016
12814

YeChL anonsi. Turning eng markaziy uchrashuvi

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

Tribuna.Uz Yevropa chempionlar ligasining bugun bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlaridan anons berishni davom ettiradi.

Yana bir qiziqarli kurash kechayotgan guruh bu so‘nggi N guruhi. Bir yo‘la 3ta jamoa pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. 5-tur ko‘p masalalarga oydinlik kiritib berishi mumkin.

Turnir jadvali. Ortda qolgan 4 turdan keyin 10 ochko to‘plagan «Sevilya» pley-off yo‘llanmasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi. Biroq «Lion»ning «Yuventus» darvozasiga oxirgi daqiqalarda kiritgan gol nazariy jihatdan bu ishni orqaga surdi. Biroq bugun bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ispan jamoasi g‘alaba qozongan taqdirda nafaqat keyingi bosqich, balki guruhda birinchi o‘rin masalasini ham hal qilishi mumkin. «Yuventus» esa o‘tgan yilgi xatoni takrorlamaslik (2-o‘rin bilan pley-offga chiqqan va «Bavariya»ga ro‘baro‘ kelib, musobaqadan chiqib ketgandi) uchun ham bugun kamida mag‘lubiyatga uchramasligi kerak bo‘ladi. 4 ochko jamg‘arib turgan «Lion» esa autsayder uyida g‘alaba qozonib qaytsa, kurashni davom ettirish imkoniyatini saqlab qoladi.

Sevilya – Yuventus (00:45, Match TV )

So‘zsiz kunning eng markaziy uchrashuvi Andalusiyada bo‘lib o‘tadi. Turinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd qilingan durang natijasi Xorxe Sampaoli jamoasi bugun juda qo‘l kelishi mumkin. Durang natija ham ispanlarni bahorgi musobaqalarga olib chiqadi. Ammo bir yo‘la 1-o‘rinni hal qilish uchun «Yuventus» mag‘lub etilishi kerak. «Yuventus» uchun keyingi bosqichga chiqish masalasi unchalik muammo tug‘dirmasligi mumkin. Sababi jamoa so‘nggi turda autsayder bilan kuch sinashadi va g‘alaba jamoani keyingi bosqichga olib chiqadi. Biroq 2-o‘rin bilan pley-off chiqish qanchalik tavakkalchilik ekanini o‘tgan yilgi natijalar ko‘rsatib bergan.

O‘yindan oldin. «Yuventus»ning Italiyadagi ishlari ideal kechmoqda, jamoa hamon katta farq bilan karvonboshilik qilayapti. O‘tgan turda «Peskara»dek o‘rtamiyona jamoaga qarshi o‘yinda jamoa YeChL uchun kuchni tejagan holda g‘alaba qozondi. Turinliklar shu kunga qadar yevrokuboklarda 17 marotaba ispan jamoalari mehmoni bo‘lgan bo‘lib, faqat 3tagina uchrashuvda g‘alaba qozongan. Ammo bu mavsumda jamoa faqat 2 marta mehmonda imkoniyatni boy berdi. Ikkalasi ham Milan klublariga qarshi «San-Siro»dagi uchrashuvlarda sodir bo‘ldi. «Sevilya» yaqinda «Barselona»dan uchralgan mag‘lubiyat natijasida 8 seriyadan iborat g‘alabali seriyasiga yakun yasagandi. Ammo jamoa Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda. Unchalik sermahsul o‘yin ko‘rsatmayotgan Sampaoli shogirdlari shu bilan birga hali birorta ham to‘p o‘tkazib yubormagan. Shuningdek, «Sevilya» yevrokuboklarda italyan jamoalariga qarshi 3ta uchrashuv o‘tkazib biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan – ikkita g‘alaba. O‘tgan turda «Deportivo» ustidan so‘nggi daqiqalarda g‘alabani tortib olgani (3:2) ham jamoaning kayfiyati joyida ekanini ko‘rsatib turibdi.

Yo‘qotishlar. Sampaoli jamoasida bu uchrashuvda maksimal darajadagi optimal tarkib tushirilishi kutilmoqda. Allegrida esa kadrlar bilan bog‘liq bir qator muammolarni kuzatishimiz mumkin. Benatiya va Bardzali jarohat olgan. Allegri jarohatidan endi tuzalayotgan Paulo Dibalani va Gonsalo Higuainni ham maydonga tushirib tavakkalga yo‘l qo‘ya olmasligini bildirgan.
Taxminiy tarkiblar

Imkoniyatlar. Pley-off yo‘llanmasi o‘rtaga qo‘yilgan bahs keskin o‘tishi kutilmoqda. Bukmekerlik kontoralari taklif qilayotgan stavkalarda ham deyarli teng vaziyatni ko‘rishimiz mumkin. Andalusiyaliklarning mezbon ekani biroz bo‘lsada ustunlikni taqdim etishi kutilmoqda. «Sevilya» g‘alabasi uchun o‘rtacha koeffitsiyent 2.80-2.90 orasida bo‘lmoqda, «Yuventus» muvaffaqiyat qozonishi 3.0-3.10 koeffitsiyentda baholangan

Dinamo Zagreb – Lion (00:45)
Kunning eng kam tilga olinayotgan o‘yinida «Lion» pley-off yo‘llanmasi uchun oxirgi umidini saqlab qolishga harakat qilishi lozim. Lionliklar yutsa va «Sevilya» mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, barchasi fransuzlarning o‘z qo‘lida qoladi.

O‘yin oldidan. «Lion» Fransiya chempionatida o‘ziga kela boshladi va ketma-ket g‘alabalar evaziga YeChL yo‘llanmasi uchun kurashadigan jamoalar qatoriga qaytdi. Hozirda jamoa 4-o‘rinda bormoqda. «Dinamo»ning esa Xorvatiya chempionatidagi ishlarini ham joyida deb bo‘lmaydi. O‘tgan haftada o‘rtamiyona «Istra»ga qarshi uchrashuvda jamoa durang natija qayd etdi va peshqadam «Riyeka»dan endi 6 ochko ortda qolmoqda. Jamoa YeChLdan umid uzib, bemalol kelgusi mavsumda yana Yevropaning eng nufuzli musobaqasiga qaytishni o‘ylamasa, navbatdagi mavsumda jamoa o‘rnini «Riyeka» egallashi mumkin bo‘ladi.  

Taxminiy tarkiblar
Dinamo Zagreb: 
Livakovich, Stoyanovich, Sigali, Shildenfeld, Benkovich, Pivarich, Sudani, Mashadu, Pavichich, Chorich, Fernandes.
Lion: Antoni Lopesh, Rafael, Mammana, Diakabi, Morel, Gezzal, Gonalon, Tolisso, Ribus, Fekir, Lyakazett.

Imkoniyatlar. Jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga qarasak, 3ta o‘yinda «Lion» umumiy hisobda 12:1 to‘plar nisbati bilan yuz foizlik natija qayd qilgan. 5 yil oldin Zagrebda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 1:7 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Shundan kelib chiqib bukmekerlik idoralari bergan stavkalarda ustunlik mehmonlar tarafida. Zagreb g‘alabasi uchun 7.00-7,90 koeffitsiyent, «Lion» g‘alabasi uchun esa 1,50-1,60 atrofida stavkalar belgilangan.

Mavzuga oid
Top