17:05 / 22.11.2016
5797

O‘zbekiston va YeI quyi qo‘mitasining navbatdagi majlisi

Bryusselda Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va turdosh masalalar bo‘yicha “O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi” quyi qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Adliya vazirining o‘rinbosari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi va Yevroittifoq tomonidan Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik bo‘linmasi boshlig‘i rahbarligidagi delegatsiya qatnashdi.

Majlis konstruktiv va ochiqlik ruhida o‘tdi hamda tomonlar keng doiradagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shu jumladan, hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Tenglik, o‘zaro hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan holda, inson huquqlari, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarda fuqarolik jamiyatini mustahkamlash hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning istiqbollari haqida muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar, shuningdek, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilik, chegaralarni boshqarish, bojxona va sud-huquq tizimini rivojlantirish hamda ushbu sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va kelgusi vazifalariga doir  masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Birlashgan Millatlar tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlik qilish va monitoringlar o‘tkazish davom ettirilishining muhimligi qayd etildi.

Yevropa Ittifoqi 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovini monitoring qilish uchun O‘zbekistonga YeXHTning to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasi taklif etilganini olqishladi. Mamlakatimizning tegishli qonunchilikni modernizatsiya qilish, masalan, sud tizimini isloh qilish, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g'risida”gi qonun loyihasi va biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish borasidagi muhim sa'y-harakatlari e'tirof etildi.

Majlis yakunida ikkala tomon ham o‘zaro muloqotlardan qoniqish hosil qilishganini izhor etdilar. Muloqotlarning navbatdagi raundi 2017-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

“Jahon” AA, Bryussel

Top