16:38 / 23.11.2016
4850

YeChL anonsi. So‘nggi tur oldidan «repetitsiya»

Tribuna.Uz bo‘lajak o‘yinlardan anonslar berishni davom ettiradi.

Tribuna.Uz bo‘lajak o‘yinlardan anonslar berishni davom ettiradi.

Ikkita yaqqol favorit pley-off yo‘llanmasini naqd qilib ulgurgan guruhda ikkita masala ochiq qolmoqda. Guruh g‘olibi kim bo‘ladi? Yevropa ligasi yo‘llanmasini kim qo‘lga kiritadi? Bu savollarga so‘nggi turda jamoalarning o‘zaro uchrashuvlarida javob olishimiz mumkin. 5-tur esa muhim tur oldidan repetitsiya vazifasini o‘tab berishi lozim.

Turnir jadvali. «Bavariya»ni o‘z uyida mag‘lub etgani hisobiga «Atletiko» hozircha 100 foizlik natija bilan guruhda yetakchilik qilmoqda. «Bavariya» hisobida 9 ochko mavjud. Autsayderlar PSV va «Rostov» Yevropa ligasi uchun kurashni davom ettirmoqda.

Rostov – Bavariya (22:00, Match TV)
«Rostov» Yevropa chempionlar ligasining o‘z uyidagi so‘nggi uchrashuvida deyarli ikkinchi tarkibi bilan Rossiyaga tashrif buyurgan «Bavariya»ni qabul qiladi. Kelgusi yilda YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi amri mahol bo‘lgan rostovliklar buni his qilgan holda o‘z uylaridagi so‘nggi YeChL o‘yinini munosib o‘tkazishga harakat qilishlari lozim. 

O‘yindan oldin. «Rostov»ning Rossiya chempionatidagi ishlari yaxshi emas. O‘tgan turlarda jamoa ko‘rsatgan o‘yin yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun yetarli natijalarni bermayapti. Biroq  «Atletiko»ga qarshi o‘yinda jamoa Yevropaning eng kuchli jamoasiga qarshi himoyadan turib bo‘lsada, munosib qarshilik ko‘rsata olishi mumkinligini isbotladi va sal bo‘lmasa rus klubi Madriddan ochko olib qaytishi ham mumkin edi. «Bavariya» ham o‘z chempionatida avvalgidek xotirjam bo‘la olmayapti. O‘tgan turda «Borussiya D»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Anchelotti shogirdlari yil kashfiyoti bo‘lib turgan «Leyptsig»ga peshqadamlikni topshirib qo‘yishdi.

Yo‘qotishlar. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu uchrashuvda «Bavariya» ko‘plab asosiy tarkib futbolchilari xizmatidan foydalana olmaydi. Robben, Xavi Martines, Kingsli Koman va Arturo Vidal jarohati bois Rossiyaga uchib kelishmagan. Riberining ishtiroki ham so‘roq ostida turibdi. Shuningdek, murabbiy jamoaning yulduz darvozaboni Manuel Noyyer uchun ham tavakkal qilmagan. Noyyer eski jarohatlardan davolanib olishi uchun, Rostovga olib kelinmadi. Mezbonlar esa o‘zlari uchun optimal tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda

Taxminiy tarkiblar
Rostov:
Janayev, Mevlya, Granat, Navas, Kudryashov, Kalachyov, Yeroxin, Noboa, Gatskan, Poloz, Azmun.
Bavariya: Ulrayx, Lam, Hummels, Boateng, Rafinya, Alaba, Kimmix, Alonso, Tyago 
Alkantara, Myuller, Levandovski.

Imkoniyatlar. Tarkibdagi bir qator yo‘qotishlarga qaramay, bukmekerlar «Bavariya»ning imkoniyatini yuqori baholamoqda – 1.25-1.30  koeffitsiyent oralig‘ida. Ivan Danilyants shogirdlari g‘alabasiga esa 12.00dan 14.00gacha bo‘lgan koeffitsiyentda qaralmoqda

Atletiko – PSV (00:45 Match! Arena)
Guruhni peshqadam sifatida yakunlash uchun «Atletiko» bu uchrashuvda ham g‘alaba qozonishi shart. PSV esa ko‘proq so‘nggi tur uchrashuvini kutishiga to‘g‘ri keladi. Biroq o‘tgan yilgi 1/8 finalda jamoalarning to‘qnashuvidagi kabi o‘yin kuzatiladigan bo‘lsa, mehmonlardan ham syurpriz kutishga haqlimiz.

O‘yindan oldin. Ispaniya chempionatining o‘tgan turida «Atletiko» azaliy raqibi «Real»ga Madrid derbisida yirik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Jamoaning o‘ziga kelib olishi uchun ham PSV bilan o‘yin juda muhim. Eyndxoven jamoasi esa Niderlandiya chempionati doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuvda g‘alaba qozona olmadi. 

Taxminiy tarkiblar
Atletiko:
Oblak, Godin, Filipe Luis, Xuanfran, Xose Ximenes, Koke, Saul, Karrasko, Gabi, Grizmann, Fernando Torres
PSV: Zut, Izima-Miren, Ektor Moreno, Arias, Shvab, Pryopper, Villems, Ramselar, G.Pereyru, Lyuk De Yong, Narsingx

Imkoniyatlar. Bukmekerlar «Atletiko» g‘alabasiga to‘liq ishonmoqda. 1.25-1.30 koeffitsiyentda. PSV g‘alabasi uchun esa 10.00dan 13.00gacha bo‘lgan stavkalarni uchratish mumkin.

Top