14:56 / 23.11.2016
9919

Hindiston Pokiston nazoratidagi hududlarga keng qamrovli hujum uyushtirdi

Foto: AP

Hindiston armiyasi Kashmirning Pokiston nazoratidagi hududlariga keng qamrovli o‘t ochishni boshlagani xabar qilinmoqda. Rasmiy Islomobod kamida to‘rt nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ta'kidlamoqda. 

Hind OAV tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, ushbu amaliyotlar hind askarlarining jangarilar tomonidan o‘ldirilganiga javoban o‘tkazilmoqda. Armiya bo‘linmalari o‘qotar qurollar va minomyotlardan foydalangan holda Punch, Kel, Rajauri va Machchal nazorat sektori bo‘ylab o‘t ochmoqda. Ular Pokiston armiyasi postlarini nishonga olmoqda. 

O‘z navbatida, Pokiston armiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hududda ketayotgan avtobuslardan biri o‘qqa tutilgani oqibatida 4 kishi qurbon bo‘lgan, 7 kishi jarohatlangan. Dawn nashri politsiya mahkamasiga tayangan holda 9 kishining halok bo‘lgani, 11 kishining yaralangani haqida yozmoqda. 

Hindiston armiyasi keng qamrovli amaliyotini kuni kecha o‘ldirilgan askarlaridan birining boshi tanasidan uzib tashlangani bilan izohlamoqda. Shu bilan, harbiy manbaning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston bunday jinoyatlar javobsiz qolmasligidan ogohlantirmoqda. 

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 29 sentabrdagi voqealardan so‘ng, tobora taranglashmoqda. O‘shanda Hindiston aksilterror amaliyot o‘tkazganini da'vo qilib, Pokiston nazoratidagi hududlarga "aniq zarbalar" bergan edi. Islomobod esa, odatdagi chegara to‘qnashuvi yuz bergani ikki pokistonlik chegarachining umriga zomin bo‘lganini aytgan edi. 

Top