00:49 / 23.11.2016
25293

Uch yoshli bola otasining hayotini yogurt yordamida saqlab qoldi

Foto: MEN

Uch yoshli britaniyalik Lenni-Jorj Jons ismli bola zukkoligi sababli diabetik komaga tushib qolgan otasining hayotini saqlab qoldi. U 34 yoshli otasi Mark bilan birga uyda bo‘lganda qand kasalligidan aziyat chekuvchi otasi birdan hushini yo‘qotib qo‘ygan. Markning hushini yo‘qotishiga uning qonidagi shakar miqdorining mumkin bo‘lgan eng kam darajadan pasayib ketgani sabab bo‘lgan. Bu holatda erkakda juda xavfli gipoglikemik koma yuzaga kelgan, bunda agar odamga zudlik bilan yordam berilmasa, u vafot etishi ham mumkin. Baxtga qarshi bu vaqtda Markning oldida uning mitti o‘g‘lidan boshqa hech kim bo‘lmagan. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.

Biroq zukko bolakay hech ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymay muzlatgichga qarab otilgan va maxsus zinachaga ko‘tarilib, u yerdan ikki dona shirin yogurt olgan. So‘ngra u plastmassa qoshiqni olib, yogurtni ochib, qoshiq yordamida uni otasining og‘ziga sola boshlagan. Shirinlik Markning qonidagi shakar miqdorini oshirgan va u o‘ziga kelgan hamda dorisiga yetib bora olgan.

"Mening turmush o‘rtog‘im birinchi turdagi qand kasalidan aziyat chekadi va kuniga 4 marotaba insulin qabul qiladi. Barchasi men yaqin orada yashaydigan onamnikiga ketganimda sodir bo‘lgan. Men 30 daqiqacha uyda bo‘lmagandim, qaytganimda esa erim divanda yotardi. Men undan ko‘rinishi nega bunchalik yomonligini so‘raganimda, yonimda o‘g‘lim paydo bo‘lib, dadasini qutqarib qolganini aytdi. Mark buni tasdiqladi. O‘g‘lim dadasi o‘ziga kelmaguncha unga yogurt bergan", deb aytmoqda bolaning onasi Emma.

Agar bolakayning o‘z vaqtida bergan yordami bo‘lmaganda Markning taqdiri ayanchli tugashi ham mumkin edi. Bunday jasoratdan keyin ota-ona qahramon farzandini yanada kuchliroq seva boshladi.

Mavzuga oid
Top