11:51 / 24.11.2016
17026

Isroilda 16 yoshli falastinlik qiz 13,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Foto: World Bulletin

Isroil sudi chorshanba kuni 16 yoshli falastinlik qizni 13 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Daily Sabah nashri shu haqida xabar berdi

Manbaga ko‘ra, Quddus okrug sudi 16 yoshli Nurxon Avvadni o‘tgan yilning noyabrida pichoq bilan hujum qilganlikda ayblab, 13 yarim yillik qamoq jazosini o‘tash hamda 8000 dollar jarima to‘lash haqida hukm chiqardi.

"Nurxon hujum uyushtirilgan joyda qo‘lga olingan, amakisining o‘g‘li Odil Avvad esa o‘sha joyning o‘zidayoq politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan", - deyiladi manbada. 

Falastin rasmiylarining ma'lumotlariga ko‘ra, 7000dan ortiq falastinlik, shu jumladan 350 nafar voyaga yetmagan bola bugungi kunda butun Isroil bo‘ylab qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Yana ikki falastinlik mahbus - 29 yoshli Ahmad Abu Fara va 19 yoshli Anas Shadida Isroil qamoqlaridagi doimiy "ma'muriy ushlab turilish"dan norozilik belgisi sifatida 60 kunlik ochlik e'lon qilishdi.

Mahbuslar jamiyatida aytilishicha, ularning ahvoli yomonlashgan. "Ochlik e'lon qilgan ikki falastinlik tibbiy tekshiruvdan o‘tish hamda darmondorilar qabul qilishdan bosh tortmoqda", - deyiladi xabarda. 

Isroilning "ma'muriy ushlab turilish" siyosatiga ko‘ra, mahbuslar bir yil davomida ayblov yoki sudsiz qamoqda saqlanishi mumkin. 

Bugungi kunda Isroil qamoqlaridagi 7000 falastinlikdan taxminan 700 nafari ma'muriy tartibda qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Mavzuga oid
Top