15:41 / 24.11.2016
12288

Nurmagomedov Makgregorni qo‘rqoq jo‘jaxo‘rozga o‘xshatdi

Foto: AP

Rossiyalik Habib Nurmagomedov o‘rta va yengil vaznda jangchilar chempionati mutlaq g‘olibi (UFC) irlandiyalik Konor Makgregorni o‘zi bilan jangdan huddi qo‘rqoq jo‘jaxo‘roz kabi qochmaslikka chaqirdi. Rossiyalik bu so‘zlarni Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasiga joylashtirdi.

«Konor, sen chempionsan, sen men bilan jang qilishing lozim. Har doim hozirgidek mendan qochib yursang, har safar ko‘zguga qaraganingda o‘zingni hurmat qilmaysan, farzandlaring seni hurmat qilmaydi, seni do‘stlaring va oilang ham hurmat qilmaydi. Qo‘rqoq jo‘ja kabi o‘zingni tutgandan ko‘ra, samuray kabi halok bo‘l», - deb yozdi Nurmagomedov Makgregorga.

Rossiyalik irlandiyalikning milliy g‘ururiga ham tegib o‘tgan. «Men sen uchun noqulay raqib ekanimni bilaman. Biroq sen chempionsan va eng kuchlilar bilan jang qilishing shart. Jo‘jacha bo‘lib emas, balki irlandiyalik jangchi bo‘lib halok bo‘l. Irlandiya xalqi ko‘plab urushlarda qatnashgan. Sen o‘z yurting sharafini faxr bilan himoya qilishing kerak», - deya qo‘shib o‘tdi Nurmagomedov.

UFC 205 musobaqasida Makgregor amerikalik Eddi Alvaresni nokautga uchratib, tashkilot tarixida ikki vazn toifasida bir vaqtda chempion bo‘lgan ilk sportchiga aylandi. Rossiyalik yengil vaznchi o‘sha turnirda amerikalik Maykl Jonson ustidan zafar quchdi. Nurmagomedov musobaqaga qadar ham, undan so‘ng ham yengil vaznda unvon uchun jang talab qildi. UFC prezidenti Deyna Uayt esa tashkilot tomonidan bu masala ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, Nurmagomedov uning keyingi bahsi chempionlik unvoni uchun bo‘lmasa UFC’da ishtirokini to‘xtatishi haqida ma'lum qilgan. Rossiyalik jangchi biron marotaba ham mag‘lub bo‘lmagan sportchi sanaladi. MMA’dagi faoliyati davomida u 24 jang o‘tkazib, ularning 16 da muddatidan avval g‘alaba qozongan. Makgregor esa aralash yakkakurashlarda 24 bahsda qatnashib, 21 ta g‘alabaga (19 tasi – muddatidan avval) va uch mag‘lubiyatga ega.

Mavzuga oid
Top