11:48 / 24.11.2016
7180

O‘zbekistonlik 4 nafar bokschi Rossiyadagi jahon chempionati yarim finaliga chiqdi

Foto: aiba

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘zbekistonlik yosh charm qo‘lqop ustalari uchun muvaffaqiyatli bo‘lmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

O‘zbekistonda sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan boksni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e'tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Mazkur sport turini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida o‘zbek boks maktabi vakillari turli nufuzli musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit'a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.   

Joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik bokschilar erishgan yutuqlar (3 oltin, 2 kumush, 2 bronza) O‘zbekistonning ulkan sport salohiyatidan dalolatdir. 

Dunyoning oltmishdan ziyod davlatidan kuchli bokschilar ishtirokida o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari tajriba va mahoratda, kuch va jasoratda hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda.

Nufuzli musobaqada terma jamoaning 4 nafar a'zosi chorak final bahslarini o‘z foydasiga hal qilib, g‘oliblik uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Iqtidorli bokschi Otabek Xolmatov vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Dominikan Respublikasi vakili Luis Reynaldo Nunesga hech qanday imkoniyat qoldirmay, yarim finalga chiqdi.

Shunqor Abdurasulov vazni 56 kilogammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi chorak final bellashuvida xitoylik Jianming Tsengni mag‘lubiyatga uchratdi.

Bilolbek Mirzarahimov vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida rossiyalik raqibi Beslan Hamzayevni dog‘da qoldirib, yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Shohro‘z Rahimov vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi chorak final jangida angliyalik Lyuis Villyamsni mag‘lub etdi.

Mavzuga oid
Top