18:45 / 25.11.2016
39833

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda hal qilinishi lozim muammolar va kelgusidagi loyihalar haqida

Foto: UzLiDeP

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Nomzodning uchrashuvdagi nutqi to‘liq holda «Toshkent oqshomi» gazetasida chop etilgan.

U o‘z chiqishi avvalida O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Karimovning vatan oldidagi xizmatlarini hamisha qadrlash barcha uchun «farz va qarz» ekanini ta'kidlagan. Shavkat Mirziyoyev minglab tashabbuskorlar tomonidan Toshkent shahrida Islom Karimov nomidagi maydon barpo etish va unga birinchi prezident haykali o‘rnatilishi bo‘yicha takliflar bildirilayotganini aytib o‘tib, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Oldindagi vazifalar to‘g‘risida so‘zlar ekan Shavkat Mirziyoyev xalq erkin ovoz berish, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish orqali o‘zining ertangi kuni, mamlakatning kelgusi rivojlanish yo‘lini yana bir bor aniqlab, tasdiqlab olishini ta'kidlagan.

Prezidentlikka nomzod Toshkent aholisining madaniyat, san'at, fan, sport, ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar rivojiga qo‘shgan hissalarini e'tirof etgan.

U zamonaviy o‘zbek ilm-fani tarixi va taraqqiyotini albatta Toshkent shahrisiz tasavvur etib bo‘lmasligini, bugungi kunda Toshkent yirik ilmiy va madaniy markaz,tom ma'noda ma'rifat va ma'naviyat, yoshlar va talabalar shahri hisoblanishini qayd etib o‘tgan.

Shavkat Mirziyoyev ziyolilarning mehnati qanchalik og‘irligini yaxshi bilishini aytib, ularni o‘ziga yaqin olishi, ularni jamiyatni olg‘a yetaklaydigan fidoyi insonlar sifatida bilishini ta'kidlagan. U o‘z saylovoldi dasturida intellektual soha ahlining mehnatini qadrlash, ularning izlanishlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratib berish masalasi keng o‘rin egallaganini qayd etgan.

«Mana, 40 yildirki, mening hayotim va faoliyatim jonajon Toshkent shahri bilan bog‘liq holda kechmoqda. Ayni shu azim shaharda oliy ta'lim oldim, tuz-nasiba topib, oilali bo‘ldim, farzandlar, nabiralar ko‘rdim, ming-minglab do‘stu birodarlar, maslakdoshlar orttirdim. Qancha-qancha ulug‘ insonlar bilan muloqotda bo‘lish, birgalikda ishlash baxti nasib etdi. Qayerda, qaysi vazifada ishlamayin, poytaxt ahlining samimiy munosabati, mehr-oqibatini, qo‘llab-quvvatlashini doimo his qilib kelaman va buning uchun yana bir bor barchangizga minnatdorchilik bildiraman. Go‘zal poytaxtimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan ishlarda mening ham kamtarin hissam borligidan hamisha faxrlanib yuraman», deya qo‘shimcha qilgan u.

Shavkat Mirziyoyev shaharni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqilganini, unda asosiy e'tibor yangi ish o‘rinlari yaratish hamda transport, uy-joy va biznes infrastrukturasini rivojlantirishga qaratilishini ma'lum qildi.

Xususan, 2017 yilda poytaxtning markaziy tumanlaridan birida 70 gektar maydonga tadbirkor va banklar tomonidan 1 milliard dollar mablag‘ ajratiladigan «Toshkent Siti» biznes markazi qurilishi boshlanadi.

Nomzod Toshkent shahrida bartaraf etilishi lozim bo‘lgan va amalga oshirilajak loyihalarni keltirib o‘tgan.

Toshkent shahrini kelgusi besh yilda rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan iqtisodiy dasturda, birinchi galda, rivojlangan megapolislarga xos bo‘lgan, yuqori texnologiyaga asoslangan, dunyo bozorida raqobatdosh sanoat mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish va axborot infratuzilmasini rivojlantirish hisobidan iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlarini saqlab qolish nazarda tutilgan.

Bu borada yangi ish o‘rinlarini yaratish eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahrida kollejlar, akademik litseylar, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari va ishga muhtoj aholi uchun munosib ish haqi to‘lanadigan qariyb 80 ming yangi ish o‘rinlari tashkil etishimiz lozim. Ushbu vazifani bajarish uchun quyidagi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur.

Birinchidan, biz elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish-pudrat tashkilotlari, meditsina xizmatlarini ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes korxonalari uchun yangi rag‘batlantiruvchi asoslar yaratamiz.

Shu borada bunday korxonalarda mavjud imtiyozlardan foydalanish uchun xodimlarning yillik sonini 120 tadan 240 kishigacha oshirishga imkon beradigan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Buning natijasida ushbu tarmoqlarda jami 15 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil qilinadi, yillik 1 trillion 600 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha mahsulotlar ishlab chiqariladi va xizmatlar ko‘rsatiladi.

Ikkinchidan, ma'lumki, Toshkent shahrida bank va moliya institutlarining markaziy idoralari faoliyat yuritadi. Binobarin, bu yerda bank xizmatlarining turlari va sifati bo‘yicha hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud.

Shu sababdan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga arzon foizli kreditlar berish orqali ularning loyihalarini moliyalashtirish hajmini ko‘paytirish hisobidan qancha-qancha yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin. Misol uchun, Toshkent shahrida 22 ta tijorat banki va ularning 123 ta filiallari faoliyat yuritmoqda. Ularda 38 mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Agar tijorat banklarining har bir mijozi tomonidan qo‘shimcha ravishda kamida 3 tadan ish joyi yaratilsa, Toshkent shahri bo‘yicha qo‘shimcha tarzda 114 mingta ish o‘rinlari yaratiladi.

Shu bois tijorat banklari tomonidan 2017 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlar uchun qariyb 1 trillion 208 milliard so‘mlik, yillik 9-10 foizli imtiyozli stavkada mikrokreditlar berish dasturi ishlab chiqiladi. 

Uchinchidan, tadbirkorlik faoliyatini yanada erkinlashtirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar, o‘ylaymanki, barchangizga yaxshi ma'lum.

Mamlakatimiz tadbirkorlari rejadan tashqari va muqobil tekshirishlarning bekor qilinishini, biznes yuritish uchun dadil, qo‘rqmasdan shaxsiy mablag‘larini ishlatish yoki mulkini garovga qo‘yish, ish o‘rinlari tashkil etish, o‘z oilalari va ishchilarini daromad bilan ta'minlash imkonini beradigan yangi qonuniy normalarni katta xursandchilik bilan qabul qilishdi.

Biroq, qabul qilingan bu normalarning amaliyotga to‘liq tatbiq etilishi bizning asosiy vazifamiz bo‘lishi zarur. Davlat va nazorat qiluvchi organlarning har bir rahbari o‘z idorasi hamda xodimlari tomonidan tadbirkorlarning qonuniy huquqlari buzilishi uchun shaxsan javobgar bo‘lishi lozim. Tadbirkorlarning ishonchini suiiste'mol qilishga bizning hech qanday haqqimiz yo‘q.

Bizning bosh vazifamiz – tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishni ta'minlashdir. Biznes bilan shug‘ullanayotgan har bir kishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga qat'iy ishonch bo‘lishi shart. Odamlar biznes bilan shug‘ullanishdan manfaatdor bo‘lishi zarur. Tadbirkor va xalq boy bo‘lsa – mamlakat ham boy bo‘ladi. 

To‘rtinchidan, o‘tgan yili elektron tizimlardan foydalangan holda biznes uchun 16 turdagi davlat xizmatlarini “yagona oyna” tizimi orqali amalga oshirish tashkil qilingan edi. Bu biznes uchun sezilarli yengilliklar tug‘dirib, tadbirkorlarni ma'lumotnoma va ruxsat beruvchi hujjatlar olish uchun amaldorlar kabinetlariga oylab qatnab, xonama-xona yurishlardan ozod qildi. 

Shu sababdan, 2017 yilda soddalashtirilgan “yagona oyna” tizimi orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari 30 tagacha ko‘paytiriladi. Bunda, ushbu jarayonlarni amalda tatbiq etilishi bo‘yicha nazoratni kuchaytirib, ularni bajarmaganlik uchun ma'muriy jazolash normalarini kiritamiz.


Barchamizga ma'lumki, Toshkent shahri yuqori ilmiy salohiyatga ega. Biroq, har yili o‘tkaziladigan innovatsiya yarmarkalari tufayli ilmiy tadqiqotlar natijalari ma'lum bir darajada yirik sanoat korxonalari tomonidan foydalanilsa-da, kichik biznes korxonalari tomonidan deyarli tatbiq etilmaydi. 

Biz, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni tadbirkorlik faoliyati bilan birlashtirish imkoniyatini beruvchi amaliy mexanizmni tashkil etishimiz lozim. Bu esa, bir tomondan, innovatsion biznesni rivojlantirishga imkoniyat yaratsa, ikkinchi tomondan, ilmiy tadqiqotlarning samarasini oshirish uchun investitsiyalar oqimini ko‘paytirishni ta'minlaydi.

Shu munosabat bilan Yashnobod va Olmazor tumanlarida kichik biznesning innovatsion texnoparklari tashkil etiladi va qiymati 102 milliard so‘m bo‘lgan 285 ta innovatsion loyiha amalga oshiriladi. Natijada tashqi va ichki bozorda xaridorgir bo‘lgan 38 turdagi mutlaqo yangi mahsulot o‘zlashtiriladi va 6 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yuqorida qayd etilgan takliflar va tashabbuslar bilan birgalikda Toshkent shahrida kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida qiymati 2 trillion so‘mdan oshiq va 156 million dollarlik jami 281 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan:

- Bektemir tumanida Universal bank va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qiymati 20 million dollar bo‘lgan, yiliga 1500 ta yuk tashish vagonlarini qayta ta'mirlash loyihasi amalga oshiriladi;

- Sirg‘ali tumanida “Asakabank” va “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tomonidan “Grin Vorld” qo‘shma korxonasida yiliga 25 million dona qadoqlangan meva sharbatlari ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi;

- Mirobod tumanida Milliy bank va “O‘zfarmsanoat” konserni tomonidan “Nano Medik” korxonasida yiliga 450 ming dona 9 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish tashkil etiladi;

- Shayxontohur tumanida “Kapitalbank” va “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi tomonidan “Nur invest texnologiya” korxonasida 2 million dona energiya tejaydigan lampalar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi.

Shular qatorida boshqa tumanlarda ham jami qiymati 4,8 trillion so‘mlik 1650 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Buning natijasida 48 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari, tarmoq korxonalar rahbarlari va tuman hokimlaridan tashabbuskorlik va tashkilotchilik talab qilinadi.

Top