16:32 / 26.11.2016
48240

Fidel Kastro – Kuba inqilobi yetakchisi

2016 yil 25 noyabr sanasi Kuba respublikasi tarixida qora satrlar bilan qayd etiladi. Davlat va siyosat arbobi, hozirgi Kuba davlati asoschisi Fidel Alexandro Kastro Rus dunyodan ko‘z yumdi. 

U 1926 yil 13 avgustda Kubaning Orente viloyati Biran qishlog‘ida yirik yer hududlariga ega va shakarqamish yetishtiruvchi Anxel Kastro oilasida dunyoga keldi. 

Uning yoshlik va talabalik chog‘laridagi do‘stlari, ustozlarining xotirlashicha, Kastro qiziquvchanligi, shuhratparastligi va o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishi bilan ajralib turgan. 

Diniy kollejda ta'limni tugatgan Fidel Havana universitetida huquqdan ta'lim oladi. Shundan so‘ng, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ammo, u siyosiy faoliyatini talabalik davridayoq boshlagan. Uni haddan ortiq radikallikda ayblagan partiya rahbariyati 1952 yilda deputatlik uchun kurashgan Kastro nomzodini tasdiqlamaydi. 

O‘sha yili Kuba hokimiyatini davlat to‘ntarishi vositasida egallab olgan Fulxensio Batistaga qarshi kurashadi hamda uni sud javobgarligiga tortish fikrini ilgari suradi. 

1953 yilda Fidel va uning 165 kishidan iborat safdoshi Batista garnizonlaridan biriga hujum qiladi, ammo aksar isyonchilar o‘ldiriladi, Fidel Kastro boshqa safdoshlari bilan birga 15 yilga qamaladi. Ana shu mahkama so‘nggida Kastro dunyoga mashhur bo‘lib ketgan nutqini “tarix meni oqlaydi”, degan so‘zlari bilan yakunlagan edi. 

Jamoatchilik bosimi ostida Kastro umumiy amnistiya qarori asosida ozod etiladi, shundan so‘ng Meksikaga yo‘l oladi. 

Kastro xorijda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgach, 1958 yilda Ernest Che Gevara va boshqa do‘stlari bilan birga vataniga qaytadi. Ayni shu voqea Kubaning kelgusi taqdirini o‘zgartirib yuborgani, tarix sahifalariga bitilgan. 

Kastro va Che Gevara rahbarligidagi partizanlik harakati kuchayib, 1959 yilda Havanani egallaydi. Batista hukumati ag‘darilib, Kubaga boshqa rahbar tayinlandi,  Fidel Kastro Kuba qo‘shinlari bosh qo‘mondoni va hukumat rahbari bo‘ldi. 

Uning boshqaruvi vaqtida Kubada bepul tibbiy xizmat paydo bo‘ldi, aholi savodxonligi oshdi, sayyohlik sanoati rivojlandi. Hozirda, Kuba tibbiyoti Lotin Amerikasida eng rivojlangan sohalardan biri hisoblanadi.

Uning boshqaruvi vaqtida, AQSh va SSSR o‘rtasidagi yadro urushiga olib kelishiga bir bahya qolgan Karib inqirozi yuz bergan. Bunga, SSSR hukumatining Kubada o‘z raketalarini joylashtirgani sabab bo‘lgandi. 

1965 yilda Kuba kommunistik partiyasi rahbarligiga saylanib, mamlakatni birpartiyali sotsialistik respublikasiga aylantirdi. 1976-2008 yillar mobaynida Davlat kengashi va Kuba Vazirlar kengashiga raislik qildi. Shu bilan birga, Oliy bosh qo‘mondon lavozimini o‘zida saqlab qoldi. 

2008 yil 19 fevralda, vakolat muddati tugashiga besh kun qolganida yangi muddatga o‘z nomzodini ilgari surmasligini bildirdi. 2008 yil 24 fevralidan e'tiboran Kuba Milliy assambleyasi Fidel Kastroning ukasi Raul Kastroni davlat rahbari sifatida tasdiqladi. 

2011 yil 19 aprelida Kuba Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibligini ham ukasiga topshirdi. 

Shuni qayd etish kerakki, Fidel Kastro BMT bosh minbaridan turib eng uzoq nutq qilgan siyosatchi, eng ko‘p joniga suiqasd qilingan davlat arbobi sifatida Ginness rekordlar kitobidan joy olgan. BMT Bosh assambleyasi majlisida 4 soat atrofida ma'ruza qilgan bo‘lsa, 638 marta uni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. 

Uning yagona qonuniy rafiqasi Mirta Dias Ballart bo‘lib undan yagona qonuniy o‘g‘li Fidelito bor. Biroq, uning rasmiy tarjimai holida uch nafar ayol bilan munosabatda bo‘lgani qayd etiladi. 

Fidel Kastro birinchi turmushidan ajralgach, Nati Revuelta bilan birga istiqomat qiladi. Ammo, ular rasman nikohdan o‘tmagan holda Alina ismli qizchali bo‘lishadi. 

Ayni shu qizi katta bo‘lgach, Kubadan qochadi va Komandante haqidagi kitobida otasining olti nafar farzandi borligi, ularni barchasining ismi "A" harfidan boshlanishi haqida yozadi:- Aleks, Aleksandr, Alexandro, Antonio, Anxelito.

Kastroning kotibasi Seliya Sanchos uning so‘nggi rafiqasi bo‘ldi. Ammo, u 1985 yilda o‘z joniga qasd qildi.

Ta'kidlash joizki, Kuba O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolgan davlat hisoblanadi. Fidel Kastro 1963 yil aprelidan-iyun oyi boshigacha bo‘lgan muddatda SSSRga uyushtirgan keng qamrovli safari chog‘ida O‘zbekistonga ham kelib, respublikaning turli hududlarida, Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgan.

Shu bilan birga, 2016 yil 2 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgani munosabati bilan o‘zbek xalqiga hamdardlik sifatida mamlakatda motam e'lon qilgan yagona davlatdir. Kuba rahbariyatining qaroriga ko‘ra, 2016 yil 3 sentabr tonggi soat 6:00dan tungi 24:00gacha barcha davlat idoralarida Kuba davlat bayroqlari tushirilgan edi. 

2005 yildan beri og‘ir xastalikdan davolanib kelgan Fidel Kastro Rus 2016 yil 25 noyabrda hayot bilan vidolashdi.

Mavzuga oid
Top