23:37 / 26.11.2016
6712

Qirol Salmon Saudiya iqtisodiyotining neftga qaramligini kamaytirmoqchi

Ikki Muqaddas Masjid qo‘riqchisi qirol Salmon jahon iqtisodiy maydonida o‘sib borayotgan raqobat fonida Qirollikdagi unumdorlikni oshirish va daromad manbalarini diversifakatsiya qilish zaruratini ta'kidladi. Bu haqida Arab News nashri xabar berdi

Qirol shanba kuni Al-Asha provinsiyasidagi saroyda bo‘lib o‘tgan majlisda ishtirok etar ekan, mamlakat oldidagi muammolarni bartaraf etishda xavfsizlik darajasi hamda institutlar samaradorligini oshirish muhimligini ta'kidladi. 

"Qirollik 2030 yilda" loyihasi mamlakat iqtisodiyotini qayta qurish, uning institutlari samaradorligini oshirish, daromad manbalari diversifikatsiyasi va jamiyatdagi unumdorlikni oshirishga yo‘naltirilgan", - dedi qirol. 

Joriy yilning boshida yo‘lga qo‘yilgan "Qirollik 2030 yilda" loyihasi rejasi Qirollikning neftga qaramligini kamaytirish va uning muqobil variantlariga tayanish, sog‘liqni saqlash, ta'lim, konstruktiv infratuzilma, sayyohlik kabi bir qator xizmatlar sektorini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. 

Qirol Salmon o‘z nutqi davomida davlatning Ikki Muqaddas Masjidga xizmat qilish kabi sharafga ega ekanligini ta'kidlab, u yerga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar amallarni bajarishda qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun barcha qulayliklar yaratilishiga  to‘xtalib o‘tdi. 

Shuningdek u Saudiya Arabistonining har bir fuqarosi milliy davlat qurilishiga o‘z hissasini qo‘shishi kerakligini ta'kidladi. 

Qirol Salmon valiahd shahzoda, bosh vazir o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Muhammad bin Naif, sharqiy mintaqa gubernatori, shahzoda Saud bin Naif va Al-Asha provinsiyasi gubernatori, shahzoda Bodir bin Muhammad bin Jalaviy tomonidan kutib olindi. 

Bundan tashqari, tadbirda bir qator vazirlar, shahzodalar,  mansabdor shaxslar, harbiylar va bir guruh fuqarolar ishtirok etishdi. 

 

Top